«Eng yosh akademik ham aynan sizlarning orangizdan chiqadi» – vazir
Bugun, 13-fevral kuni IT-Park shou-rumida AKT vaziri Shuhrat Sodiqov axborot texnolgiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar bilan uchrashgani haqida xabar bergandik.
Uchrashuvda o‘tgan yil davomida sohada ko‘plab yutuqlarga erishilgani va bunda yoshlarning o‘rni ulkan bo‘lgani e’tirof etildi.
«Mana shularni inobatga olgan holda sohadagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-o‘quvchilardan tortib, sohada o‘z o‘rnini topishga ulgurgan yoshlarning fidokorona mehnatlarini munosib taqdirlash uchun ham alohida mukofot joriy etdik», dedi Shuhrat Sodiqov.
Ushbu mukofotlarni markaziy studiyada vazir, joylardagi studiyalarda vazirlikning hududiy boshqarmalari boshliqlari topshirdi.
Uchrashuvda Prezidentimiz tashabbusi bilan Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda «Bir million dasturchi» loyihasi amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Mazkur loyiha doirasida yoshlarimiz dasturlash, veb-portal va mobil ilova yaratish kabi yo‘nalishlarda masofadan turib o‘qimoqdalar.
Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati shundan iboratki, o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan umumta’lim maktablarining har yili 100 nafar eng yaxshi «Informatika va axborot texnologiyalari» fani o‘qituvchilarini bir martalik mukofotlash tizimi joriy qilingan.
2020 yil yakuni bo‘yicha har bir o‘qituvchi 4,4 mln.so‘mdan rag‘batlantirildi.
Aksariyat hududlarda bu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridagi o‘qituvchilar AyTi tayanch maktablari ochilish marosimida taqdirlanadilar.
Soha rahbari joriy yil 1 martdan boshlab, ilmiy unvoni va darajasi mavjud bo‘lgan soha korxonalari xodimlariga jamoa shartnomalariga muvofiq qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
«Bilasizlarmi, hozir orangizda O‘zbekistondagi eng yosh professor o‘tiribdi va u aynan bizning soha vakili ekanligidan juda ham xursandman.
Baxtiyor Mahkamov «Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti» ixtisosligi bo‘yicha professor hisoblanadi.
U Iqtisodiyot fanlari doktori, professor bo‘libgina qolmay, respublikamizda fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengashning eng yosh a’zosi ham hisoblanadi.
Ilmiy yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishgan yoshlarimizdan yana biri Muhidinov Muhriddin.
U ham o‘tgan yili texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga loyiq deb topilgan.
Buni bekorga aynan sizlar bilan uchrashuvda aytayotganim yo‘q.
Bundan ko‘zlangan maqsad birinchidan, sizlarni ham shunga chorlash bo‘lsa, ikkinchidan o‘ylaymanki, eng yosh akademik ham aynan sizlarning orangizdan chiqadi, deb umid qilaman», dedi Shuhrat Sodiqov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter