Eng boy davlat rahbari 40 yilki bitta portfelga qanoat qilib keladi
Germaniya kansleri Olaf Sholsning portfeli allaqachon hazil-mutoyibalar uchun mavzuga aylangan. Gap shundaki, 65 yoshli siyosatchi qadrdon buyumini oz emas, naqd qirq yo‘ldan buyon tutib keladi.
«Bree» firmasi ishlab chiqargan, «Times 16» rusumli qora portfelni Olaf Shols 1980-yillarda Hamburg shahrida huquqshunos yordamchisi bo‘lib ishlagan kezlarda 890 markaga sotib olgan. O‘shandan buyon dunyoda tuzumlar o‘zgardi, Sovet Ittifoqi degan davlat jahon xaritasidan g‘oyib bo‘ldi, Sharqiy va G‘arbiy Germaniya birlashdi, hatto «Bree» shirkati kasodga uchradi. Ammo Olaf Sholsning portfeli o‘zgarmadi!
O‘z davrida po‘rimgina bo‘lgan portfel xo‘jayini bilan qayerlarda bo‘lmagan deysiz! Ukrainada urush boshlangan 2022 yilda bu matoh qiziqarli diplomatik holatga ham sabab bo‘lgan. Kiyevga kelgan yuqori martabali mehmonni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qizil poyandozda qarshilaydi. Germaniya kanslerining qo‘lidagi kattagina sumkani ko‘rib, mezbonlar hayratini yashira olmaydi. Ukrainalik hamkasbi bilan rasmiy salom-alik marosimida ham olmon rahbari qadrdon hamrohini qo‘lidan qo‘ymaydi.
«Kundek ravshanki, men portfelimga juda ham bog‘lanib qolganman. Ko‘tarishga qulay, buning ustiga, hamma narsa sig‘ib ketadi. Ayrim hamkasblarim eskirib ketgan deb hisoblaydi. Men esa uni vaqt o‘tgan sari qadri oshadigan antiqavor deb bilaman», – deydi Olaf Sholsning o‘zi.
Xo‘sh, dunyodagi eng qudratli davlatlardan birining yetakchisi bu ajabtovur sumkada nimalarni olib yuradi?
«Odamlar portfelingizda qanday sirli narsalar olib yurasiz deb ko‘p so‘raydi. Ochig‘i, ularni sirli deya olmayman: mutolaa uchun ko‘zoynak, kundalik gazetalar va albatta hujjatlar», – deydi kansler.
Siyosatchining hayot yo‘li haqida kitob yozgan Lars Hayderning qayd etishicha, Shols sumka old cho‘ntagida Germaniya sotsial-demokratik partiyasiga a’zolik guvohnomasini ham olib yuradi.
Ayni paytda Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma hamda GFR tarixi muzeyi afsonaviy portfelga ega chiqish orzusida. Har yili 850 ming kishi tashrif buyuradigan GFR tarixi muzeyida sobiq kanslerlar Helmut Kolning kardigani, Angela Merkelning eski uyali telefoni saqlanadi. Ammo muzey ma’muriyatining so‘rovlari hozircha javobsiz qolmoqda: Shols butun siyosiy karerasi davomida unga yo‘ldosh bo‘lgan portfeldan hali-veri voz kechmoqchi emas.
Ma’lumot o‘rnida, Germaniya yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi mamlakat sanaladi. Olmon davlatining yillik YaIM 4 trillion dollardan oshadi. Kansler Sholsning oylik maoshi esa 30 ming yevroni tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter