Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha yangicha tizim ishga tushiriladi

Energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha yangicha tizim ishga tushiriladi

Фото: Президент матбуот хизмати.

Prezident raisligida boshlangan videoselektor yig‘ilishida energiya samaradorligi, ko‘p qavatli uylarni boshqarish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini ta’kidladi.

Har bir hokimga 1 tadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi ta’kidlandi.

“Tejash – yo‘qotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga bo‘lishi shart”, - dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda bundan buyon ilg‘or tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi. Bunda:

- yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik iste’molchilar har uch yilda energiya auditidan o‘tadi;

- Energoinspeksiya har yili yirik iste’molchilar ro‘yxatini e’lon qilib boradi;

- auditdan o‘tmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bog‘liq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish topshirildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring