Xitoy ma’muriyati xo‘ja va beklarga qarshi «urush ochdi»
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasidagi diniy, tarixiy va madaniy ahamiyatga molik yuzlab joy nomlari xitoylashtirish kampaniyasi doirasida kommunistik partiya mafkurasiga mos atamalarga o‘zgartirildi. Bu haqda Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti tadqiqotida so‘z boradi.
2009-yildan 2023-yilga qadar Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasidagi qariyb 25 mingta aholi punktining 3 652 tasi nomi o‘zgartirilgan. 1 254 ta holatda mahalliy atama xitoycha muqobiliga tarjima qilingan. 630 ta joy nomi esa islomiy, tarixiy va madaniy ruhdan mahrum qilingan.
Asrlar davomida istifoda etilgan joy nomlari «mozor», «xo‘ja», «masjid», «xonaqoh», «gumbaz», «bek», «o‘rda», «haj», «sulton» kabi so‘zlardan «tozalangan». Uyg‘urlarning Xitoy Xalq Respublikasi ta’sis etilgunga qadar bo‘lgan tarixiga oid istilohlarning ham bahridan o‘tilgan. Ular o‘rniga kommunistik partiya mafkurasiga mos «Qizil bayroq», «Qizil yulduz», «Do‘stlik», «Birlik», «Baxt» kabi nomlar qo‘yilgan.
Human Rights Watch tarixiy nomlarning o‘zgartirilishini Xitoy ma’muriyatining uyg‘urlar o‘zligi, tarixiy, diniy va madaniy merosini yo‘q qilishga urinish, deb baholagan.
Avvalroq «Financial Times» gazetasi «islomni xitoylashtirish» dasturi doirasida 2018–2023-yillarda Xitoydagi 2 300 dan ziyod masjidning to‘rtdan uch qismi tashqi ko‘rinishi o‘zgartirilgani yoki buzib tashlangani haqida xabar bergandi.
Xalqaro tashkilotlar Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmon aholi haq-huquqlari qo‘pol ravishda buzilayotgani haqida bong urib keladi. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mazkur holatni qoralagan.
AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda.
2020-yil iyun oyida Amnesty International inson huquqlari tashkiloti muxtor o‘lkada yashovchi millatlar qatag‘on qurboni bo‘layotgani xususida hisobot e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, «terrorizmga qarshi kurash» deya niqoblanayotgan kampaniyadan ko‘zlangan maqsad uyg‘ur, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz kabi oz sonli millat vakillarining diniy e’tiqodi, milliy qadriyatlari va tilini yo‘q qilishdan iboratdir.
Xitoy tomoni yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati yanglish talqin qilinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter