Energetika vazirligi yana topshiriq oldi
Energetika vazirligiga joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishini jadallashtirish topshirildi.
Bular — Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida 2 gigavattli 11 ta quyosh, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 megavattli 3 ta shamol stansiyasi.
Ushbu stansiyalarni barpo etish doirasida 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari quriladi. Yangi yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya kengaytiriladi.
Joylarda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha ishlarni yanada kengaytirish, aholining «yashil» energiyadan foydalanish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Bu maqsadlarga qo‘shimcha 50 million dollar resurs ajratish, xorijiy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazib, yana 100 million dollar jalb qilishga ko‘rsatma berildi.
Tadbirkorlarga quyosh energiyasi quvvatlarini joriy etishda manfaatdorligini oshirish uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratilishi belgilandi.
Elektr iste’moli yuqori bo‘lgan qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti korxonalarida «yashil energiya» quvvatlarini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Masalan, qishloq xo‘jaligi yerlarida quyosh panellarini o‘rnatish, ya’ni «agrovoltaika» bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda 10 gigavattli agrovoltaika salohiyati mavjud.
Mutasaddilarga joriy yilda 6 ta tumanda «agrovoltaika» usulida pilot loyihalarni boshlash topshirildi.
Umuman, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda energiya sarfi yuqori bo‘lgan sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter