Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Energetika vazirligi Nushkent masalasiga befarq bo‘lmadi, «yurish» Shahrisabz tumani hokimligida qoldi

Energetika vazirligi Nushkent masalasiga befarq bo‘lmadi, «yurish» Shahrisabz tumani hokimligida qoldi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani «Paxtakor» QFY Nushkent qishlog‘idagi «sanog‘i yo‘q» muammolar haqida video murojaat tarqalgan edi. Bu masala «Xabar.uz» saytida ham ko‘tarilgandi.

Muammolar qatorida elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq holat ham alohida tilga olingan edi.

Energetika vazirligi masalaga befarq bo‘lmadi va darhol kamchiliklarni tuzatishga kirishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi:

«Haqiqatdan ham, hududning elektr ta’minotida kamchiliklar borligi ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, 2020-yil reja-dasturiga asosan Nushkent qishlog‘ining elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu hududning elektr ta’minoti uchun mo‘ljallangan quvvati 250 kVA bo‘lgan 175-sonli transformator punkti mukammal ta’mirlandi.

Shuningdek, hududning elektr ta’minoti sifatini oshirish maqsadida qo‘shimcha bir dona quvvati 160 kVA bo‘lgan zamonaviy tipdagi yangi  transformator punkti o‘rnatildi.

Bundan tashqari, 1,2 km uzunlikdagi 0,4-10 kV kuchlanishli yangi havo elektr uzatish tarmoqlarini qurilish-montaj ishlari boshlandi. Ayni paytda mavjud elektr uzatish tarmoqlarida joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ushbu Nushkent qishlog‘ining elektr ta’minoti bilan bog‘liq holat nazoratga olingan. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz».

Vazirlik aholi murojaatini befarq qoldirmadi. «Yurish» navbati Shahrisabz tumani hokimligida qoldi. Ular tomonidan ham amaliy harakatlarni kutib qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring