Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Energetika vazirligi murojaat bilan chiqdi

Energetika vazirligi murojaat bilan chiqdi

Murojaatda mamlakatimizda hukm surayotgan sovuq ob-havo tufayli aholi tomonidan gaz va energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortishi hamda ko‘rilayotgan choralarga to‘xtalib o‘tildi. 

Qayd etilishicha, respublikamizda sovuq haroratining keskin tushib ketishi natijasida elektr energiya va tabiiy gazga bo‘lgan talab oshmoqda. Ushbu talabni qondirish uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi importi hajmini tezkor ko‘rilgan choralar va kelishuvlar asosida maksimum darajaga oshirish hisobiga kunlik tabiiy gaz iste’molining 10 foizi hamda elektr energiyasining 8 foizi aynan qo‘shimcha import yordamida ta’minlanib kelmoqda.

– Bugungi kundagi maksimum talabni qondirish uchun gaz quvurlari va magistral elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati yetarli bo‘lsa-da, resurslar yetarli emasligi hisobiga iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlashda muammolar kuzatilmoqda. Xususan, anomal sovuq tufayli 12 yanvarda qo‘shni mamlakatning tabiiy gaz qazib chiqarish konlarida yuzaga kelgan avariyaviy holat tabiiy gaz importining to‘liq to‘xtashiga va boz ustiga elektr energiyasi importining 20 foizga qisqarishiga sabab bo‘ldi. Energiya resurslari taqchilligi kuzatilayotgan paytda ushbu resurslarni birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga yetkazib berish uchun elektr energiyasi eksporti to‘xtatildi. Bundan tashqari, yirik sanoat korxonalariga energiya resurslarini yetkazib berish hajmi o‘rtacha 70–80 foizga qisqartirildi. Shu ko‘rilgan choralarga qaramasdan, mamlakatimizda elektr energiyasi iste’moli eng baland ko‘rsatkichga, ya’ni 250 million kilovatt soatga chiqdi. Shuningdek, tabiiy gazga bo‘lgan kunlik talab qazib chiqarishga nisbatan yuqoriligicha saqlanib qolmoqda, – dedi O.Dilmurodov.

Shuningdek, brifingda 2022 yil 31 dekabr kuni cheklov kiritilmagan va kunlik elektr energiyasi iste’moli 220 million kilovatt soatni tashkil etgani va shu kunlarda bu ko‘rsatkich yanada oshib ketgani ta’kidlandi.

Tabiiy gaz va elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojning ortishi qurilmalarda nosozliklarni yuzaga keltirmoqda. Birgina Toshkent shahrida 13 yanvar kuni elektr energiyasi iste’moli 32 million kilovatt soatdan ortib, turli sabablarga (avariyaviy holatlar va cheklovlar) ko‘ra 1 million kilovatt soat elektr energiyasi iste’molchilarga yetkazib berilmadi. Tabiiy gazni aholiga yo‘naltirish uchun issiqlik elektr stansiyalarida tabiiy gaz yoqish hajmi kamaytirilib, zaxiradagi mazut yoqilg‘isi rejaga nisbatan 3 barobarga ko‘p yoqilayotgani haqida brifingda ma’lum qilindi.

Vazirlik mutaxassisining so‘ziga ko‘ra, tabiiy gaz tanqisligi kuzatilayotgan shu kunlarda iste’molchilar xonadonlarni isitish uchun elektr qurilmalaridan keng foydalanmoqda. Natijada birgina Toshkent shahrida bugungi kun davomida tarmoqlarda yuklamalarning ortishi hisobiga 1000 dan ortiq nosozliklar yuzaga keldi.

– Nosozliklarni bartaraf etish ishlarni jadallashtirish maqsadida respublika bo‘ylab barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalaridan qo‘shimcha brigadalar Toshkentga jalb qilindi. Albatta, biz ushbu vaziyatni o‘nglash, nosozliklarni bartaraf etish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rmoqdamiz. Mana shunday og‘ir paytda barchamiz birlashib harakat qilsak bu muammolarni yengamiz. Bunda energiya resurslaridan oqilona va imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanish eng muhim omil hisoblanadi. Buning uchun imkon qadar xonadonlarda bittadan ortiq elektrda ishlaydigan isitish qurilmalaridan foydalanmaslik, korxonalar va tashkilotlar xodimlarini vaqtincha onlayn ish rejimiga o‘tkazish, ortiqcha ko‘cha chiroqlarini, reklama ekranlari va illyuminatsiyalar, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan binolardagi chiroqlarni o‘chirish lozim, – dedi u.

Brifingda noqonuniy holatlar tahliliga e’tibor qaratilib, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida iste’molchilar tomonidan joriy kuz-qish davrida tabiiy gazdan 334 milliard so‘mlik 3 mingta, elektr energiyasidan 135 milliard so‘mlik 2 ming 300 ta holatda noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring