Endilikda 4 yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ochiladi
2023/2024-o‘quv yilidan tibbiyot OTMda o‘qish muddati 4 yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bu borada joriy yil 20-iyun kuni Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, ushbu o‘quv yilidan:
- Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi negizida Hamshiralar akademiyasi;
- tibbiyot kollejlari negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari quyidagilar joriy etiladi:
- texnikumlarning takliflari asosida qabul parametrlari hamda qo‘shimcha ravishda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi;
- tibbiyot yo‘nalishidagi davlat OTM talabalarining bilimlarini 2 bosqichli (fundamental va klinik-amaliy ko‘nikmalar) baholash va ularning malakasini tasdiqlash milliy tizimi;
- tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan uzluksiz kasbiy ta’lim portali.
Qarorga muvofiq, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning quyidagilarni nazarda tutuvchi takomillashtirilgan tizimi joriy etiladi:
- tuman (shahar) darajasida ambulator va statsionar sharoitda aholining eng ko‘p murojaatlariga sabab bo‘layotgan kasalliklar va holatlarni inobatga olgan holda, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati shakllantiriladi;
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari shifokorlari tegishli hududda eng ko‘p tarqalgan kasalliklar va holatlar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.
2024-yildan yillik tibbiy ko‘riklar doirasida nuroniylarni maqsadli skriningdan o‘tkazish dasturlari joriy etiladi.
Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga malaka oshirish kurslarini joriy etish huquqi beriladi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.
2023-yil yakunigacha:
- barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus axborot tizimiga ulanadi;
- nodavlat tibbiyot tashkilotining xodimlari, tibbiy texnikasi, xizmat turlari, tibbiy statistika va boshqa hisobotlari monitoringi yuritiladi;
- tibbiy faoliyatni nazorat qilishda “xavfni tahlil qilish” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:
- Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi;
- Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi;
- Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter