Endi qo‘shiqchilarga litsenziya olish talab etilmasligi mumkin
Adliya vazirligi tomonidan litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan Prezident Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.
Ushbu loyihada bir qator litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni bekor qilish taklif etilmoqda. Ularning orasida konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash ham bor.
Xo‘sh, konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash nima maqsadda joriy etilgan edi? Buning bir nechta maqsadlari bo‘lgan.
Birinchidan, litsenziyalash tartibi konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarning daromadlarini soliqqa tortish mexanizmi sifatida foydalanilgan.
Ma’lumki, avvalgi Soliq kodeksida (2007-yildagi) konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyasi bo‘lgan shaxslar ushbu faoliyatdan olingan daromadlari daromad solig‘idan ozod etilgan edi.
Shu sababli, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchilitsenziya uchun davlat boji yiliga 3 mln. so‘mdan 43 mln. so‘mgacha qilib belgilangan. Davlat bojining yuqoriligi, odatda, ko‘pchilikning litsenziyani qisqa muddatga (3-6 oyga) rasmiylashtirishiga olib kelgan.
Jumladan, 2019 yilda litsenziyasi bo‘lgan 3 352 nafar san’atkorning 2 935 tasi (87,5%) 3 oygacha, 217 tasi (6,5%) 6 oygacha muddatga litsenziya olishgan.
Biroq, Soliq kodeksining yangi tahririda ushbu imtiyoz bekor qilingan va ular 12 foizlik daromad solig‘iga tortiladigan bo‘ldi. Litsenziyalashning mazkur maqsadi o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.
Ikkinchidan, litsenziyaga ega bo‘lgan san’atkorlarni madaniy-ma’rifiy tadbirlarga jalb qilish uchun ham qo‘llanilgan.
Jumladan, litsenziya shartnomalari tuzilishida uning talab va shartlarida san’atkorlar zimmasiga litsenziyalovchi organning talabiga ko‘ra madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etishi belgilangan.
Qayd etish kerakki, tadbirlarda san’atkorlarning ishtiroki ixtiyoriylikka asoslansa, ularning ko‘rsatadigan xizmatlari sifati ham yaxshilanishi mumkin.
Uchinchidan, konsert-tomosha tadbirini o‘tkazishda san’atkorlarning sahna madaniyatiga, milliy qadriyatlar va an’analarga rioya qilish, ijrochilarning chiqishlarida nojoiz xatti-harakatlar sodir etilishini oldini olish maqsadi ko‘zlangan.
To‘g‘ri, san’atkorning xulq-atvori uning muxlislariga, ayniqsa, yoshlarga ta’sir qiladi va undan o‘rnak olishadi. Shuning uchun, san’atkorlarning sahna madaniyatiga rioya qilishi hanuzgacha o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.
Ammo, hozirgi kunda Internet tarmog‘ining ommalashishi, undagi kontentlarning yorug‘lik tezligida tarqalayotganligi, sahna madaniyati, milliy qadriyatlar va an’analarni buzuvchi san’atkorlar nojoiz xatti-harakatlarining aholi orasida tezlik bilan tarqalishiga olib kelmoqda.
Bir narsa aniqki – Internet tarmog‘ini batamom cheklash imkoniyati mavjud emas. Bu esa, konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalashdan ko‘zlangan mazkur maqsadga ham erishib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.
Xorijda konsert-tomosha faoliyati odatda litsenziyalanmaydi. Jumladan, MDH davlatlaridan Gruziya, Qozog‘iston va Rossiyada ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talab etilmaydi.
Shunga ko‘ra, Prezident Farmoni loyihasida konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalashning amaldagi tartibi bekor qilinib, xabardor qilish tartibiga o‘tkazilish taklif etilmoqda.
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, san’atkorlar qanday qilib konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin?
Jumladan, san’atkorlar o‘z faoliyatini boshlashdan oldin vakolatli organni (“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi) xabardor qilsa kifoya. Xabarnomani yuborish vaqtida uni yuborayotgan san’atkor oldindan belgilangan talablarga rioya etish majburiyatini zimmasiga oladi. Shunisi e’tiborliki, ko‘plab hujjatlarni olib vakolatli organga borish va katta miqdordagi davlat bojini to‘lash talab etilmaydi.
Xullas, ushbu yangi tartibning joriy etilishi davlat boji to‘lashdan qochayotganlarning ham o‘z faoliyati bilan qonuniy shug‘ullanishga sharoit yaratib beradi.
Dilshod Shodiyev,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter