Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi qarzdorlik plastik kartochkadan so‘zsiz undiriladimi? MIB mas’uli izoh berdi

Endi qarzdorlik plastik kartochkadan so‘zsiz undiriladimi? MIB mas’uli izoh berdi

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 24-oktyabr kuni «regulation.gov.uz» saytida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Ushbu huquqiy hujjat turlicha fikrlarni yuzaga keltirmoqda va bu tabiiy. Zero, muhokamaga qo‘yilishidan pirovard maqsad ham shu.

Mazkur Farmonga asosan soddalashtirilgan majburiy ijro instituti joriy etilishi taklif etilmoqda.

  • Xo‘sh, soddalashtirilgan majburiy ijro harakati nima?
  • U qanday amalga oshiriladi?
  • Taklif etilayotgan bunday amaliyot turi qanday ijro hujjatlariga nisbatan tadbiq etiladi?    
  • Ijroning mazkur turiga ehtiyoj tug‘dirgan sabablar nima?

Shu va shu kabi savollar bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati boshlig‘i, adliya maslahatchisi Farruh Toshpo‘latovga yuzlandik.

Javoblar quyidagicha bo‘ldi:

– Avvalo, ta’kidlash shart: loyihada taklif etilayotgan soddalashtirilgan tartib bo‘yicha majburiy ijro harakatlari barcha turdagi ijro hujjatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Balki bu tartib sudlar va boshqa vakolatli organlarning jismoniy shaxslardan ma’muriy jarima, soliq qarzi va davlat boji undirish haqidagi ijro hujjatlari bo‘yicha amal qiladi, xolos. Bunda davlat ijrochisi qarzdor bilan muloqotga kirishmaydi, undiruvni uning mol-mulkiga ham qaratmaydi. Bu jarayonda ijro harakatlari masofaviy amalga oshiriladi. Ya’ni, qarzdorlik (qarzdorning) hisob-raqami va plastik kartochkasidan yechib olinadi. Shu o‘rinda, alohida e’tibor qaratish lozimki, davlat ijrochisi qarzdorning hisob-raqami yoki plastik kartochkasidagi mablag‘ni boricha yechib olish choralarini ko‘rmaydi. Ya’ni, mehnatga haq to‘lashning («mehnatga haq to‘lashning» deyilmoqda, «eng kam ish haqining» emas) eng kam miqdoridan ko‘p bo‘lmagan hollarda esa (hozirda 635 ming so‘mgacha) qarzdorlikni ish haqiga qaratish orqali undirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash shartki, mazkur tartib kommunal to‘lovlarni amalga oshirishga mutlaqo tegishli emas (sudning qarori bo‘lmasa), ya’ni odatiy kommunal to‘lovlarni undirish jarayoniga tatbiq etilmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa kommunal to‘lovlardan qarzdorlik plastik kartochkadan so‘zsiz yechib olinar ekan, deya noto‘g‘ri talqinlar qilinmoqda. Bundan talqinlar haqatdan yiroqdir.

Bunday choralar natija bermasa-chi?

U holda ijro harakatlari umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Bugungi kunda Byuro davlat ijrochilarining ish hajmi mavjud normativlardan 16 baravar yuqori, ish yurituvidagi ijro hujjatlarining qariyb 60 foizini esa yuqorida qayd etilgan 3 ta toifadagi ijro hujjatlari tashkil etadi. Odatda bu kabi ijro ishlari murakkab ijro harakatlarini talab qilmaydi.

Ushbu mexanizm yo‘lga qo‘yilsa, davlat ijrochilarining ish hajmi optimallashtiriladi va ijro samaradorligi ortadi.

Ikkinchidan, Byuro xodimlari va qarzdorlar o‘rtasida keskinlikka barham berilishi hamda qarshilik qilish holatlari kamayishining ehtimoli juda yuqori. Bundan tashqari, davlat ijrochilarining asosiy ishi murakkab ijro hujjatlarini ijro etishga qaratilsa, yana bir muhim holat – davlat budjetiga tushumlar miqdori oshadi. Ushbu omillardan kelib chiqib, Toshkent shahrida 2 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bittadan Byuroning tumanlararo bo‘limlarini tashkil qilish va ushbu bo‘limlarga ijro hujjatlarini soddalashtirilgan tartibda ijro etish funksiyasini yuklash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, aliment majburiyatlari bo‘yicha yagona bank hisob raqamini joriy etish hamda aliment majburiyatlari bajarilishini masofaviy monitoring qilish bo‘yicha tizim yaratish taklif etilmoqda.

Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, aliment undirish to‘g‘risidagi har bir ijro hujjati bo‘yicha yagona hisob-raqamda alohida subhisob-raqamlar ochiladi. Ushbu subhisob-raqamlarda aliment bo‘yicha mablag‘larning harakati amalga oshiriladi. Barcha aliment to‘lovlari, shu jumladan, ish haqidan ushlanmalar yagona hisob raqam orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, undiruvchilar aliment pullarini tegishli subhisob-raqamlardan cheklovlarsiz olish imkoniga ega bo‘ladi. Ayni paytda aliment to‘lovlar bo‘yicha pul mablag‘lari harakati Byuroda yaratilgan va yagona hisob raqamga integratsiya qilingan maxsus dasturiy ta’minotda onlayn rejimda monitoring qilib boriladi. Bunda, aliment majburiyatlari qay darajada bajarilayotganligini davlat ijrochisi tomonidan, mobil ilova orqali undiruvchi va qarzdor tomonidan monitoring qilib borish imkoniyati yaratiladi.

Nega aynan aliment undiruviga alohida e’tibor qaratilmoqda?

Aliment masalasiga oid murojaatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi va Virtual qabulxonasiga eng ko‘p kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha 3-o‘rinni egallamoqda.

Byuroga kelib tushayotgan ijro masalasiga oid murojaatlarning qariyb 60 foizidan ortig‘ini aliment masalalari tashkil etadi.

Aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari respublikada har bir ijrochiga o‘rtacha 100 tadan ko‘proq ijro hujjatlarini tashkil etadi. Bunday ijro hujjatlari bir yoki ikkita harakat bilan yakuniga yetmaydi, balki farzandlar voyaga yetgunga qadar har oyda ijro etilishi lozim. Ayni paytda, ijro ish yurituvida boshqa toifadagi ijro hujjatlari ham mavjudligi sababli, davlat ijrochisi har oyda 100 ta aliment undiruviga oid ijro hujjatini amalga oshirish yoki nazorat qilish imkoniyatiga ega emas. Bunga jismonan ulgurib bo‘lmaydi.

Taklif etilayotgan yangi tartib esa aliment undiruviga oid ijro hujjatlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, loyihada ma’muriy jarima qo‘llash to‘g‘risida ijro hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 332-modddasida nazarda tutilgan jarimani ixtiyoriy to‘lash uchun muddatlar tugagandan so‘ng majburiy undirish uchun Byuro organlariga taqdim etilishi, shuningdek soddalashtirilgan tartibda ixtiyoriy jarimani (jarima summasining 70% foizini va uni to‘lash muddatlarini ko‘rsatgan holda) to‘lash imkoniyati to‘g‘risida huquqbuzarni xabardor qilgan holda huquqbuzarga ma’muriy jarima qo‘llash to‘g‘risida qarorning topshirilganligini asoslovchi hujjat majburiy tartibda ilova qilinishi taklif etilmoqda.

Mavjud amaliyot tahlili shuni ko‘rsatdiki, ma’muriy jarimalar ixtiyoriy to‘lanmasligiga ma’muriy jarima qo‘llagan organlar MJtK talablariga rioya etmayotganligi ham sabab bo‘lmoqda. Jumladan, davlat ijrochilari majburiy ijro choralarini qo‘llash jarayonida aksariyat hollarda qarzdor unga nisbatan jarima solinganidan xabarsiz ekanligi aniqlanmoqda. Bu holat aholining asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu mexanizm yo‘lga qo‘yilsa, ma’muriy jarima undirish to‘g‘risidagi qarorlarni Byuro organlariga yuborishda MJtK normalariga qatiy rioya etilishi ta’minlanadi. Yana ma’muriy jarimalarni ixtiyoriy to‘lash ko‘rsatkichlari ortadi. Bu esa davlat ijrochilari va fuqarolar o‘rtasida ziddiyatlar va asossiz noroziliklar kamayishiga olib kelishi aniq.

Yuqoridagi bayonlar loyihaning asosiy mazmunini tashkil etadi. Loyiha esa muhokama etilishi, bildirilayotgan asosli taklif va mulohazalar e’tiborga olingan holda yanada takomillashtirilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring