Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi Olimpiadaga boradigan sportchilar mobil ilova orqali vazir bilan tunu-kun aloqada bo‘lishi mumkin

Endi Olimpiadaga boradigan sportchilar mobil ilova orqali vazir bilan tunu-kun aloqada bo‘lishi mumkin

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish borasida yana bir muhim qadamni tashladi.

Ta’kidlash joiz, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga ham oz fursat qolgan bir pallada har bir kun, soat va hatto daqiqaning ham qadri juda baland. Buni to‘g‘ri anglagan holda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan «Tokio 2020» mobil ilovasi yaratildi va ishga tushirildi.

Ushbu mobil ilovani yaratishdan ko‘zlangan maqsad – sportchi, trener va vazir o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda mavjud muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida, tezkorlik bilan hal qilishdan iborat.

Tokio 2020 mobil ilovasiga dastlabki bosqichda Tokio-2020 olimpiada o‘yinlariga litsenziyalarni qo‘lga kiritgan hamda olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish imkoniyati yuqori bo‘lgan sportchilar va ularning trenerlari ulanishlari mumkin. Ular 24/7 rejimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Hamidullayevich Nabiyev hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Mavzurovich Shoabduraxmonovga o‘zlarini qiynayotgan savol, muammo yoki takliflar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Yana bir jihatga e’tibor qaratish kerak, u yoki bu sportchi tomonidan yo‘llangan savol, taklif, murojaat yoki shikoyatni bir vaqtda o‘sha sportchining o‘zi bilan birga Jismoniy tarbiya va sport vaziri hamda MOQ prezidenti, ya’ni faqat uch kishigina ko‘rishi mumkin. Mobil ilovani yuklab olgan va ulangan boshqa sportchi, trener yoki sport federatsiyasining rahbari o‘zga shaxsning shikoyatini ko‘rolmaydi. Mobil ilovada axborotning to‘la maxfiyligi ta’minlangan bo‘lib, bu korrupsion holatlarning oldini olishda ham muhim o‘rin tutadi.

Kecha Jismoniy tarbiya va sport vazirligida mazkur mobil ilovaning taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, vazirning birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabduraxmonov, vazirlik hamda MOQ mutasaddilari, sport federatsiyalarining rahbarlari va terma jamoalarning bosh murabbiylari ishtirok etishdi.

Marosimda mazkur mobil ilovaning bugungi kunda qanchalik dolzarb ekanligi alohida ta’kidlanib, bu bilan sportchilarimiz istalgan vaqt va sharoitda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jismoniy tarbiya va sport vaziri hamda MOQ prezidentiga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot kotibi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring