Endi biz ham bog‘chaga boramiz, ur-e!..
— Eh... Poytaxt, viloyat, hatto tumandagi aholi yashash sharoitiga havasimiz keladi. Boisi odamlarining turmushi farovon... Bizning qishlog‘imiz esa qir-adirlarda joylashgan. Nomi ham tabiatiga mos. Soykechar, — deydi qishloq ayollari.
«Obod qishloq» dasturi bois «Soykechar» mahallasi fayzli go‘shalardan biriga aylandi. Bu manzil nurli zamin — Nurotaning olis hududlaridan biri. Tuman markazidan 45 kilometr uzoqda joylashgan qishloqqa davlat xizmatlari markazi xodimlari aholiga qulaylik yaratish maqsadida sayyor xizmat bilan tashrif buyurdilar. Bilsangiz, bu tashrifdan eng quvongan qishloq bolalari bo‘lishdi.
«Endi biz ham bog‘chaga boramiz, ur-e!...» — degan bolakaylarga qarab odamlarga ko‘rsatayotgan xizmatimizdan quvondik, xalqimiz uchun foydamiz tegayotganidan suyundik, kasb-korimizdan g‘ururlandik. Hududdagi 16-sonli «Bolajon» maktabgacha ta’lim muassasida tarbiyalanish uchun 32 ta murojaat qabul qildik, 17 nafar bolaga yo‘llanma berdik.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, sayyor xizmat ko‘rsatish jarayonida Soykechar qishlog‘i aholisining aksariyati elektron raqamli imzo olish uchun murojaat qildi. Fuqarolarning 42 nafariga ERI kaliti olish uchun xizmat ko‘rsatildi. Kim soliqdan qarzdorligi bo‘yicha ma’lumot oldi, yana birov INN olish uchun ariza berdi. Uch nafar tadbirkor ro‘yxatdan o‘tdi. Qishloq aholisi uchun jami 112 ta murojaatlarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Abduxolis Rasulov,
Nurota tuman DXM mutaxassisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter