Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elon Maskning «uchar» poyezdi loyihasi qanchalik haqiqatga yaqin?

Elon Maskning «uchar» poyezdi loyihasi qanchalik haqiqatga yaqin?

Elon Maskning «uchar» poyezdi loyihasi.

Foto: «Dezeen.com»

Tezyurar transport vositasining yangi turi, hisob-kitoblar bo‘yicha, an’anaviy avtomobil, suv, temir yo‘l va havo transportidan keyin beshinchisi hisoblanadi. U 2013-yili dunyoning eng mashhur biznesmenlaridan biri Elon Mask tomonidan taqdim etilgan.

Biroq ming kilometr masofaga yarim soat ichida sayohat qilish g‘oyasini amalga tatbiq etish ishlari u qadar ham ko‘zga tashlanayotgani yo‘q. Qog‘ozlarda va rassomlarning fantaziyasi asosida yaratilgan ushbu o‘ziga jalb etuvchi loyiha qanchalik haqiqatga yaqin?

Yaqin kelajakda transport vositalari sohasida inqilob bo‘ladimi yoki «Hyperloop» noto‘g‘ri ilmiy va texnik qarashlar mahsulimi?

Avvaliga Elon Maskning 57 betli «Hyperloop  Alpha» dizayn-hujjatida bitilgan g‘oyaning asosi bilan tanishib chiqsak.

Yangi transport vositasini yaratish g‘oyasi tug‘ilishiga Kaliforniyada dunyodagi eng tezyurar poyezdni qurish haqidagi ma’lumotlar sabab bo‘lgan. Mask «beshinchi transport» ham arzon, ham xavfsiz bo‘lishi kerak, degan xulosaga keladi va XX asrda amerikalik raketasoz Robert Goddard tomonidan ilgari surilgan, keyinchalik RAND korporatsiyasi tomonidan rivojlantirilgan vakuum trubasida harakatlanuvchi poyezd g‘oyasiga murojaat qilgan.

Robert Goddardning vakuum trubasida harakatlanuvchi poyezd g‘oyasi (1909-yil).
Foto: «Technoprojects2016»

Robertning loyihasi amalga tatbiq etilmay qolib ketgan, chunki to‘liq vakuumni yaratish ustida olib borilgan harakatlar o‘z samarasini bermagan.

Katta shaharlar orasidagi ming kilometrni bosib o‘tishi mumkin bo‘lgan optimal transport vositasida o‘sha trubadan foydalansa bo‘ladi, faqat unda vakuumni yo‘qotish kerak. Uning o‘rniga minimal darajada tebranish hosil qiluvchi, kam uchraydigan — 100 Paskal bosimli (Mars yuzasidagi bosimning 1/6 darajasi yoki Yer atmosferasining 45 kilometr balandligida uchraydigan) havodan foydalanish g‘oyasi yuzaga keladi. Elon Mask ham tadbirkor, ham muhandis sifatida ushbu masalaga jiddiy qiziqib qoladi.

Loyihaga ko‘ra, «Hyperloop» ikki tomonga ham harakatlanish imkonini beruvchi, diametri ikki metr atrofidagi ikkita yupqa po‘lat quvurdan iborat bo‘ladi, ular har 30 metrga o‘rnatilgan olti metrli ustunlar ustiga joylashtiriladi. Uni qurishda iqtisodiy tejamkorlikka erishish maqsadida mavjud avtotrassalardan foydalanish taklif qilingan.

«Hyperloop» hatto «Boeing 737» samolyotidan ham tez.
Foto: «Daily Mail»

Maskning hisob-kitoblari bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun umumiy miqdorda 6 milliard dollar kerak ekan. San-Fransisko va Los-Anjeles oralig‘idagi 600 km.dan ziyod masofani oddiy poyezdlar deyarli 10 soatda bosib o‘tadi, chipta narxi esa qariyb 100 dollar. «Tesla»  rahbarining ta’kidlashicha, «Hyperloop»  bu masofani 30 daqiqada ortda qoldiradi («Boeing 737» samolyotidan ham tez), shu bilan birga, chipta narxi 20 dollar: trubalar ichida har biri 28ta o‘rindiqqa ega 40ta kapsula harakatlanadi. Shu sababli “poyezdlar” har ikki daqiqada, tig‘iz vaqtlarda — har o‘ttiz soniyada harakatlana oladi. Bunga qo‘shimcha ravishda avtomobillarni tashishga mo‘ljallangan sal qimmatroq variant ham ishlab chiqilmoqda.

«Hyperloop»ning sifat tavsiflari va uni real hayotga tatbiq etish masalalarini ko‘rib chiqishdan oldin, ushbu yangi transport vositasining tarixiga bir nazar tashlasak.

Umuman olganda, Elon Maskning loyihasida ahamiyatli biror yangilik yo‘q, vakuum poyezdini u qadar mashhur bo‘lmagan osma havo yostiqchalari bilan ta’minlash g‘oyasini inobatga olmaganda, albatta.

Gap aslida vakuumda emas: yopiq truba orqali kapsulalar yordamida yuqori tezlikda harakatlanish g‘oyasi Robert Goddarddan ancha oldin, XVII asrda paydo bo‘lgan va XVIII asrning oxirida shotlandiyalik ixtirochi Vilyam Myordok tomonidan muvaffqiyatli tarzda amalga oshirilgan. To‘g‘risini aytganda, uning amaliyotida kichik ob’yektlar orasidagi masofani bosib o‘tishda kerak bo‘ladigan tortishish kuchi ventilyatorlar yordamida hosil qilingan: XIX asr o‘rtalarida pnevmatik pochta — siqilgan havo yordamida quvurlar orqali xatlarni yetkazish xizmati Yevropada haqiqatga aylangan. Hozirda ham ushbu tizim kichik o‘lchamli predmetlarni qisqa masofaga uzatishning ajoyib yechimi hisoblanadi, masalan, shifoxonalarda bankalarni yoki kutubxonalarda o‘quvchilarga talab varaqalarini yuborishda…

Oddiy pnevmatik transport vositasi nafaqat elektropoyezdlar, balki XIX asrdagi bug‘ dvigatellarida harakatlanuvchi poyezdlarga ham raqobatlasha olmagan. Nomi yuqorida keltirilgan Robert Goddard 1909-yili anonim ravishda yangi poyezd turi (vakuum) haqida maqola chop etgan. Biroq soatiga 1600 kilometr tezlikda harakatlana oladigan bu turdagi transportning batafsil chizmalari ixtirochining o‘limidan keyin topilgan.

Tomsk texnologiya universiteti professori Boris Veynbergning vakuum poyezdi loyihasi (1913 yil).
Foto: «Kramola.info» 

Bundan tashqari, Goddard bilan bir vaqtda vakuum trubada elektromagnit kuch yordamida harakatlanish amaliyoti 1911—1913-yillarda Tomsk texnologiya universitetining professori Boris Veynberg tomonidan ham sinovdan o‘tkazilgan. Veynberg Moskvadan Peterburg yoki Vladivostokkacha masofani tezyurar vakuum poyezlar yordamida bosib o‘tishni orzu qilgan, biroq uning ishlari laboratoriyadan tashqariga chiqmadi. Veynbergning bu loyihaga bag‘ishlangan maqolasi 1917-yili Angliyaning «Popular Science Monthly» jurnalida chop etilgan. Bundan Roberd Goddard ham xabardor bo‘lgani ehtimoldan yiroq emas.

O‘tgan o‘n yillar davomida Goddard va Veynbergning loyihalari bir necha bor muhokama qilingan bo‘lsa-da, amalga oshmay qolib ketavergan. Har kuni ish yuzasidan Lozannadan Bernga qatnayverish joniga tekkan Shveysariya federal temir yo‘llari muhandisi Rodolf Net 1974-yili bu masofani yer osti vakuum tunnellari poyezdi yordamida qisqartirishga erishdi. Ammo ushbu loyihani amalga oshirish juda sust kechdi, buning oqibati o‘laroq, «Swissmetro» — past bosim muhitida harakatlanuvchi vakuum poyezdi loyihasi paydo bo‘ldi. Shveysarcha metro Sankt-Gallenni Syurix bilan, shundan so‘ng Bazel, Bern, Lozanna va Jenevani o‘zaro bog‘lashi zarur edi. «Swissmetro» o‘sha vaqtda Berndan Syurixgacha masofani 12 daqiqada bosib o‘tishi mumkin edi, hozirda esa bu masofa bir soatni talab qiladi.

«Swissmetro» loyihasi.
Foto: «Quora.com»

Afsuski, «Swissmetro» loyihasi 2009-yilda yopildi, bunga esa moliyaviy taqchillik sabab bo‘ldi.

Amerikalik iqtisodchilar, jumladan, temir yo‘l sohasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, Maskning loyihasida qurilish ishlarida lozim bo‘ladigan yer maydoni hisobga olinmagan — aslida xarajatlarning eng kattasi shu. Xullas, Maskning Kaliforniyada tezyurar poyezdni yaratish uchun 6 millard dollar kerak bo‘ladi, degan mablag‘i 10-20 barobar kamaytirib ko‘rsatilgan.

Yer uchastkalarini sotib olishdan ham qochib bo‘lmaydi baribir: agarda trubalar liniyasi shossega yaqin joylashtirilganda ham u ayrim uchastkalarda avtomobil yo‘lidan chetga chiqishga majbur bo‘ladi. Kaliforniya universitetining iqtisod bo‘yicha professori Maykl Andersonning so‘zlariga qaraganda, San-Fansisko va Los-Anjeles o‘rtasidagi «Hyperloop»ni o‘z hisob-kitoblari asosida qurish mumkin, ammo unda harakatlanish 20 dollar emas, 1000 dollar atrofida bo‘ladi. Shunday ekan, butun loyiha uchun 6 milliard dollar emas, 100 milliard kerak.

Iqtisodchi-tanqidchilarga muhandislar ham qo‘shilishmoqda: Mask g‘oyasining ayrim qismlarini amalga oshirish juda mushkul. «Swissmetro»ning sobiq muhandislaridan biri, Lozannadagi federal politexnika maktabining professori Marsel Juferning aytishicha, 1 millibar (yoki 100 Paskal) bosimga erishish juda qiyin ish va ko‘p resurs talab qilinadi. Eng katta shubhani Elon Mask loyihasining ajralib turuvchi qismi bo‘lgan havo yostiqchalari keltirib chiqaryapti. Trubaning ichki devori va kapsula orasidagi masofa 0,5-1,3 millimetrdan oshmasligi kerak — ko‘rsatkich kerakli tezlikka erishish uchun bu lozim. Biroq bu uning konstruksiyasida o‘ta aniqlikni talab qiladi.

Kapsulaning maksimal eni 1,35 metrni, balandligi esa 1,10 metrni tashkil etadi.
Foto: «Science.howstuffworks.com»

«Hyperloop»ning tanqidga uchragan yana bir jihati — uning noqulayligi.

Maskning loyihasiga ko‘ra, yo‘lovchilarni tashishga mo‘ljallangan kapsulaning maksimal eni 1,35 metrni, balandligi esa 1,10 metrni tashkil etishi kerak: to‘g‘ri, bu XX asrdagi Veynbergning ixtirosidan kattaroq, biroq bu kabi o‘lcham qulaylik kafolatimi? Shu bilan birga, harakat davomida hech bo‘lmasa bir millimetrga og‘ish ham silkinishga olib keladi. Bunda kapsula yo‘lovchisi na o‘rnidan tura oladi va na boshqa joyga o‘ta oladi. Uning tezligi sabab samolyot parvozida yuzga keladigan ortiqcha bosimdan ham 2-3 barobar ortiqroq yuklanishni his qilish mumkin. Bunga esa barcha ham bardosh bera olamaydi.

Boshqacha aytganda, bu turdagi loyihalar XIX yoki XX asrning fantast yozuvchilari tomonidan tilga olingan mobil telefonlar, kosmik sayohatlar yoki tezyurar poyezdlarni eslatadi. Shunday ekan, ularning ommaviy tarqalishi uchun uzoq vaqt kerak. Misol uchun, Elon Maskning elektromobillarini olaylik. «Tesla» rahbari Genri Forddan bu borada ancha orqada: «Tesla Model S»ning narxi yuz ming dollar atrofida, afsonaviy «Ford Model T» esa o‘z vaqtida 260 dollar turgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring