Ellik ming so‘m evaziga uyida fohishaxona ochgan qariyaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi Kumushkent mahallasida yashovchi 77 yoshli qariya o‘z uyida 50 ming so‘m evaziga fuqarolar — Q.I. va R.J.larning jinsiy aloqa qilishi uchun sharoit yaratib bergan. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB mas’uli ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, viloyat bo‘ylab ichki ishlar bo‘limi tezkor guruhi xodimlari tomonidan «Xavfsiz hudud» keng qamrovli profilaktik tadbiri o‘tkazilgan. Tadbirda 77 yoshli nafaqadagi qariya Sh.R. uyi yotoqxonasida ularning jinsiy munosabatda bo‘lishi uchun sharoit yaratib bergani ma’lum bo‘lgan.
«50 ming so‘m pul evaziga o‘z uyida fohishaxona saqlab kelgan Sh.R.ning bundan ilgari ham qo‘shmachilik bilan shug‘ullanib kelgani fosh etildi», — deydi IIB mas’uli.
Aytilishicha, mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Sh.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu modda bilan ayblangan fuqaroning aybi isbotlansa, u bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter