Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektron hukumat, internet va telekommunikatsiyalar... AKT vazirligi hisobot berdi

Elektron hukumat, internet va telekommunikatsiyalar... AKT vazirligi hisobot berdi

Foto: Xabar.uz

Bugun, 11-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlari va aholi o‘rtasida yangi muloqot mexanizmlarini joriy etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

– Prezidentimizning 2020-yil 28-apreldagi «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, AKT vazirligida raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan yaxlit tizim yaratildi – deydi vazirlik axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov. – «Elektron hukumat», iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, IT-Parklarni tashkil etish va boshqarish kabi vazifalar to‘liq vazirlik vakolatiga o‘tdi. 2020-2022-yillarda jami 268 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish doirasida 104 ta, iqtisodiyotning real sektorida 87 ta, telekommunikatsiyalar borasida 35 ta, agrar sohada 2-4 ta, IT-Parklar bo‘yicha 18 ta loyihalarning amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, vazirlik oldiga davlat idoralari ma’lumotlar bazasini tasniflab, ularni idoralararo integratsion platformaga ulash, elektron hamkorlikning yagona texnologik talablarini joriy etish vazifasi qo‘yilgan.

Yurtimizda raqamlashtirishni jadallashtirish, hududlarda raqamli tafovutni bartaraf etish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga qulay davlat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonni imzolagan.

Ushbu muhim hujjatga ko‘ra, 2020-2022-yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish doirasida, aholi punktlarini internet tarmog‘iga, jumladan, keng polosali ulanish portlarini 2,5 milliongacha ko‘paytirish, 20 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalarini qurish va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish orqali keng polosali mobil aloqa qamrovi darajasini 95 foizga yetkazish belgilandi.

Caption

Vazirlik vakillarining ta’kidlashicha, bugun xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ni tashkil etmoqda.

Operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,1 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s.ga 45,0 ming sumni (4,3 doll.) tashkil etadi.

Internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 22.1 milliondan oshib, shundan 19 millioni mobil internetni ishlatuvchilar hisoblanadi.

Magistral transport telekommunikatsiya tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2 ta loyiha yakunlandi. Endilikda respublika bo‘ylab 237 ta ob’yektga qurilmalar o‘rnatiladi.

E’tiborlisi, mobil aloqa tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida joriy yilning 11 oyida 4,5 mingta tayanch stansiyalari qurilib, ishga tushirilgan, 3 mingta stansiya modernizatsiya qilingan. Natijada respublika aholi maskanlarining mobil aloqa qamrovi darajasi 97 foizga, mobil internet tarmog‘iga ulanish 87 foizga yetkazilgan.

Shuningdek, 5 Petabayt sig‘imga ega Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushirilgan.

Bundan tashqari, joriy yilda Jizzax erkin iqtisodiy zonasida optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxona ham ish boshladi.

Ijtimoiy soha ob’yektlarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.

Respublikada 10 154 ta umumta’lim maktablari, 5 781 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 3 527 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlari mavjud bo‘lib, joriy yil 1 dekabr holatiga 7 150 ta (70%) xalq ta’limi, 4 581 ta (80%) maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 2 747 ta (78%) sog‘liqni saqlash ob’yektlariga jami 12 867 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilib, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.

Joriy yil yakuniga qadar maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash ob’yektlarining 100 foiz tezkor internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlash rejalashtirilgan.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishiga 2021 yilda 386,5 million dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Shundan mobil aloqa operatorlari tarmoqlarini rivojlantirish uchun 136,9 million dollarga teng loyihalar amalga oshiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring