Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning Armaniston tajribasi
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tadqiqotchilari tomonidan elektr energetikasi sohasini isloh qilishning Armaniston tajribasi o‘rganildi.
O‘tgan asrning 90-yillari boshlarida Armaniston moliyaviy jihatdan zaif elektr energetikasi tizimi bilan bozor iqtisodiyotiga o‘tishni boshladi. Sohada monopolist kompaniyaning ta’siri kuchli bo‘lib, boz ustiga tizim subsidiyalashganligi bilan ajralib turardi.
Armaniston iqtisodiyoti ko‘p jihatdan boshqa davlatlardan yonilg‘i importiga bog‘liq edi. Yuzaga kelgan notinch vaziyat ham jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Oqibatda 1990–1995-yillarda elektr ishlab chiqarish deyarli 50 foizga qisqardi. Bu holat surunkali energiya tanqisligiga olib keldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2011-yilga kelib, yalpi ichki mahsulot (YIM)ning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan nominal ulushi 2000-yildagiga nisbatan 5 barobar o‘sdi. YIMning real o‘sish foizi 2008-yildagi moliyaviy inqirozdan so‘ng 2,5 foizga pasayib, 4,4 foizni tashkil etdi. Davlatning budjet taqchilligi 2,7 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkichlardagi o‘zgarishlar elektr energiyasi tizimidagi islohotlarni tezlashtirishni taqozo etardi.
Elektr energiyasi tizimiga subsidiyalarning ajratilishi va katta imtiyozlarning berilishi mamlakatda fiskal yukning ortishi hamda budjet taqchilligini yuzaga keltirdi. Mamlakatda bozor iqtisodiyoti mexanizmlarining joriy etilishi natijasida elektr energiyasini ishlab chiqarishda neft mahsulotlaridan ko‘ra gidroenergetikaga ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Gidroenegetika tizimi orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish boshqa manbalarga nisbatan arzonroq bo‘lganiga qaramay, elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ajratilgan subsidiyalar 1995-yilga kelib YIMning 11 foizini tashkil etdi.
Ajratilgan subsidiyalarning iqtisodiy oqibatlari
O‘sha davrda Armanistonda elektr energetikasi tizimiga quyidagi shaklda subsidiyalar ajratilgan:
- Elektr energiyasi tannarxiga nisbatan past narxlarda iste’molchilarga yetkazib berilganligi sababli xarajatlarni qoplash uchun ajratilgan subsidiyalar. Energiya narxlari elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda yetkazib berish xarajatlarini qoplash va kapitalni amortizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan darajadan past edi. Ushbu xarajatlarni qoplash uchun budjet mablag‘lari yo‘qligi sababli, elektr kompaniyalari bankdan qarz hisobiga moliyalashtirildi. Aholi va boshqa energiya iste’molchilari (kompaniyalar va davlat sektori) uchun davlat tomonidan subsidiya ajratilgan.
- Elektr energiyasi sohasidagi yo‘qotishlar, o‘g‘riliklar va aholi to‘lov qobilyatining pastligi. Bu iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanmasligi, elektr energiyasi tizimiga noqonuniy ulanishlar va undan noto‘g‘ri foydalanishlar natijasida paydo bo‘lgan qarzdorlikning davlat tomonidan elektr kompaniyalar, kommunal xizmatlarni ko‘rsatuvchi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ ko‘rinishidagi subsidiyalar ajratilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1996-yilda eng yirik to‘lovchilar, shu jumladan ichimlik suvi va isitish bilan shug‘ullanadigan boshqa davlat kommunal xizmatlari elektr energiyasi uchun to‘lovlarning 40 foizini to‘lamagan.
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri budjet tomonidan qo‘llab-quvvatlash. Armaniston energetika tizimi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilagan pul mablag‘lari bo‘lmasa-da, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjetdan beriladigan yordamni ssudalar shaklida ko‘rish mumkin. Masalan, 1996-yilda ajratilgan mablag‘lar YIMning 0,2 foiziga teng bo‘lgan. Bundan tashqari, to‘lanmagan soliqlar YIMning 1,5 foizini tashkil etgan. Bu qo‘llab-quvvatlashning yana bir ko‘rinishi hisoblangan.
Elektr narxlarini erkinlashtirish
90-yillarning o‘rtalaridan boshlangan elektr energiyasi narxlarini erkinlashtirish bilan bog‘liq islohotlar natijasida 1995–1999-yillarga kelib, elektr energiyasi narxi ko‘tarilib, elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini qoplash darajasiga yetadi. Bu esa subsidiyalarning asosiy qismini ajratish to‘xtiladi.
Uy-joy uchun iste’mol qilinadigan energiya narxlari 1995–1999-yillardagiga nisbatan ikki baravardan ko‘proq oshib, 1 kVt/s narxi 25 arman dramini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich xarajatlarni qoplashga yaqin darajaga yetdi va nodavlat foydalanuvchilar uchun olinadigan tariflar darajasiga mos keldi hamda bu ajratiladigan subsidiyalarni sezilarli darajada qisqartirdi.
Energetika sohasidagi islohotlar natijasida energetika tizimi yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi. Masalan, 1999-yildan 2011-yilgacha elektr energiyasi tariflari o‘zgarmadi. 2009-yilda Rossiya tomonidan yetkazib beriladigan gaz narxining oshishi natijasida chakana narxlar yana 20 foizga oshirildi. Bu esa energetika tizimining fiskal yukini kamaytirishda yordam berdi. Narxlarni oshirish va energetika tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlar islohotlarning asosiy qismi bo‘ldi.
Tariflarni ko‘tarish va energetika tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlar islohotlarning asosiy maqsadi bo‘ldi. Energiya tariflari 1999-yilda «past narx» tarifining bekor qilinishi bilan o‘zgardi. Garchi kam ta’minlangan uy xo‘jaliklarini past stavkalarni taqdim etish orqali himoya qilish kerak bo‘lsa-da, hukumat tariflarni ko‘tarishga qaror qildi. Ammo aholining ijtimoiy kam ta’minlangan qatlamini himoya qilish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, qishda iste’molning yuqori darajasi to‘g‘risida uy xo‘jaliklari va energetika kompaniyalari tomonidan hisoblagich ma’lumotlari haqida hisobot berilishi kechiktirildi. Bir yildan so‘ng kam ta’minlangan iste’molchilar, elektr energiyasi tizimi xodimlari va harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli tariflar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot yuritila boshlandi. Islohotlar budjet taqchilligini 1994-yildagi 21 foizdan 2000-yilda 3 foizgacha qisqartirishda yordam berdi.
Islohotlarning natijadorlik omillari
To‘lov qobilyatini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlar elektr energiyasi kompaniyalarining yo‘qotishlarini kamaytirdi. Hisoblagichlarni buzish va noto‘g‘ri ma’lumotlar berishning oldini olish uchun hisoblagichlar turar joy binolaridan kommunal yo‘laklarga o‘tkazildi. Nazoratchilar tomonidan naqd pul yig‘ish bekor qilindi (inson omiliga bog‘liqlikka butunlay chek qo‘yildi). Bu esa korrupsiya xavfini kamaytirdi. To‘lovlar bank va pochta bo‘limlari orqali undirila boshlandi. Qarzdorlik uchun elektr energiya tizimidan qat’iy uzish tamoyilining qonuniy bajarilishi ham to‘lovlarining yaxshilanishiga olib keldi.
Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida keng jamoatchilik safarbar qilindi. Energiya uchun yuqori tarif stavkalari to‘lov qobilyatini pasaytirsa ham, to‘lov qobilyati 1996-yildagi 40 foizdan 2003-yilda 92 foizga ko‘tarildi, 1999-yilda tariflar 30 foizga oshirilganini inobatga olsak, bu islohotlar yaxshi natija berganini ko‘rishimiz mumkin.
Energetika tizimida xususiy sektorning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan institutsional islohotlar. Xususiy sektorning ishtiroki elektr energetikasi tizimidagi yo‘qotishlarning oldini olish bilan birga samaradorlikni oshirishga xizmat qildi. Elektr energiyasi yalpi taklifida xususiy sektorning ulushi 1996-yildagi 30 foizdan 2010-yilga kelib 90 foizga oshdi. 1997-yilda elektr energiyasi tariflarini belgilash va qayta ko‘rib chiqish hamda tizimni tartibga solish vakolatiga ega bo‘lgan mustaqil tartibga soluvchilar organi tuzildi.
Kuchli siyosiy iroda subsidiyalar ajratishni to‘xtatish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatladi. Sarkisyan, Balabanyan va Hankinsonning (2006) fikricha, energetika sektorini isloh qilishda siyosiy iroda juda muhim bo‘lgan. Energiya taqsimoti tizimini xususiylashtirish bo‘yicha dastlabki tender o‘tkazilganiga qaramay, rasmiylar o‘zlarining dastlabki muvaffaqiyasizliklaridan saboq olishdi va qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazaning zaif tomonlarini bartaraf etish bilan birga, o‘z islohotlarini davom ettirishdi.
Hukumatning o‘z majburiyatlarini bajarishi ham birdek muhim edi. Nihoyat, hukumat Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va USAID tomonidan islohot dasturini amalga oshirishga qaratilgan shartli kreditlar va texnik yordam orqali sezilarli darajada xalqaro moliyaviy yordam oldi.
Islohotlarning ta’siri
Elektr energetikasi sohasidagi islohotlar fiskal yukni barqarorlashtirishda yordam berdi. Budjet taqchilligi keskin qisqardi — 1994-yildagi YIMning 16,5 foizidan 1995-yilda 9 foizga, 2000-yilga kelib esa 6,3 foizgacha tushdi. Muvaffaqiyatli makroiqtisodiy barqarorlashuv natijasida elektr energiyasi narxi oshishining inflyasiyaga ta’siri yumshatildi. Islohotdan oldingi davr (1993–1994) asosan elektr energetika tizimi Markaziy bank tomonidan moliyalashtirilishi natijasida katta taqchillik va giperinflyasiya yuzaga kelgan edi.
Makroiqtisodiy barqarorlik inflyasiyaning 1994-yildagi 5 000 foizdan 1998-yilga kelib bir xonali raqamgacha pasayishiga olib keldi, bu pul-kredit siyosatining mustahkamlanishi va keskin fiskal konsolidatsiyani aks ettirdi. Sog‘lom makroiqtisodiy siyosat va tarkibiy islohotlar o‘sishni ta’minladi. O‘sish 1995–1999-yillarda o‘rtacha 5,5 foizni tashkil etdi. Subsidiya islohotining o‘sishga ta’sirini makroiqtisodiy siyosat va tarkibiy islohotlar ta’siridan ajratish qiyin, biroq elektr energetikasi sohasidagi islohot elektr energiyasi ishonchliligini oshirdi va elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali o‘sish ta’minlandi.
Yengillashtiruvchi choralar
Aholi kambag‘al qatlamining elektr energiyasi uchun xarajatlari yuqori ulushini hisobga olgan holda kompensatsiya choralari zarur edi. 1999-2000-yillarda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklari xarajatlarida elektr energiyasining ulushi kam ta’minlangan aholi qatlami uchun kambag‘al bo‘lmagan aholiga nisbatan deyarli ikki baravar yuqori ekan. Bu, ayniqsa, shahar kambag‘allari orasida ko‘p kuzatildi.
Tarif stavkalari uchun pul o‘tkazmalari dasturi — kambag‘al oilalar uchun nafaqa, ushbu islohot ijtimoiy himoya qatlamini qayta qurish bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. 1999-yilda Armaniston hukumati bolalar va oilaviy nafaqalar borasida pul o‘tkazmalari dasturini almashtirdi va «kambag‘al oilalar uchun nafaqa» dasturi sinovdan o‘tkazildi. Ushbu dastur elektr energiyasining yuqori narxlarini qoplash uchun ajratilgan subsidiya emas, balki kambag‘al oilalar iste’mol qilgan elektr energiyasi uchun ma’lum bir summani naqd ko‘rinishida berish dasturi edi. Ammo bu imtiyozdan foydalanuvchilar elektr energiyasining yuqori to‘lov stavkalari sharoitida energiyani tejash uchun zamin yaratdi. Shu bilan birga, to‘lov qobilyatini oshirdi va elektr energiyasiga bo‘lgan talabning kamayishiga olib keldi.
Chunki uy xo‘jaligi energiyani me’yordagidan ko‘p iste’mol qilsa va elektr energiyasi uchun haq to‘lamasa nafaqa bekor qilinardi. Dastur dastlab uy xo‘jaliklarining 25 foizini qamrab oldi, ammo mezonlar kuchaytirilganligi sababli 2010-yilda qamrov asta-sekin 18 foizga kamaydi. Bu 2006-yilda to‘lov qobilyatini o‘rtacha 40 foiz oshirish imkonini berdi. Shu bilan birga, dastur tomonidan ajratilgan mablag‘ YIMning 1 foizini tashkil qilgan.
Bundan tashqari, kam ta’minlangan uy xo‘jaliklariga 1999-2000-yillarda elektr energiyasining narxlari oshishi sababli yordam sifatida ikkita marotaba bir martalik yordam puli berildi. To‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelgan uy xo‘jaliklari «Kambag‘allik bo‘yicha oilaviy nafaqa» dasturida qatnashish huquqiga ega edi.
1999-yilda ikki tarifli islohot amalga oshirildi. Bu uy xo‘jaliklariga imtiyozli tungi tarifdan foydalanish imkonini berdi va generatorlar hamda transformatorlarga tushadigan zo‘riqishni kamaytirdi.
Xulosa
Islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun kuchli siyosiy iroda muhim ahamiyatga ega. Armaniston hukumati xususiylashtirishni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun o‘z sa’y-harakatlarini qat’iyat bilan davom ettirdi. Qiyin va xarajatli tarif islohotlarini amalga oshirdi.
Tariflarni belgilashda aralashuvni cheklaydigan tartibga soluvchi institutsional muhit islohotlarni osonlashtirdi. Xususiy sektor ishtiroki uchun tegishli huquqiy baza yaratildi hamda mustaqil tarif stavkalarini belgilash uchun tartibga soluvchi komissiya tuzildi.
Kam ta’minlanganlar uchun yengillashtiruvchi energiya tariflarining qo‘llanishi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishda yordam berdi. Ijtimoiy himoya tizimining maqsadli yo‘nalishini yaxshilash uchun sinovdan o‘tgan naqd pul o‘tkazmalari dasturi joriy etildi.
Bundan tashqari, ikkita marotaba bir martalik naqd pul to‘lovi va kam ta’minlangan uy xo‘jaliklarini bepul hisoblagichlar bilan ta’minlash elektr energiyasi narxi oshishining aholining kam ta’minlangan qatlamlariga ta’sirini yumshatishda yordam berdi hamda jamoatchilik tomonidan islohotlarning qabul qilinishiga turtki bo‘ldi. Shuni ta’kidlash kerakki, Armaniston misolida bir vaqtning o‘zida ijtimoiy xavfsizlik va energetika sohasidagi islohotlar o‘rtasida foydali sinergiya kuzatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter