«Eldor meni yig‘latdi, Mourinodan uni qattiq urishmasligini so‘rayman!»
Yevropa va Osiyo mintaqasidagi turli mavsumlarni yoritishga ixtisoslashgan www.eurasianet.org sayti Eldor Shomurodov va uning oilasi haqida maqola e’lon qildi.
Ushbu materialda Yevropaning eng kuchli ligalarida o‘z mahoratini ko‘rsatayotgan Shomurodov ko‘plab o‘zbekistonlik yosh futbolchilarga ilhom bag‘ishlayotgani alohida tilga olingan. Mazkur sayt ijodkorlari maqola tayyorlash jarayonida Eldorning oila a’zolari bilan ham bog‘langan. Bu haqda sports.uz xabar berdi.
– Hadicha Shomurodova suhbat chog‘ida hayajon va quvonchini yashira olmadi, – deb yozadi Eurasianet.org sayti.
18 avgust kuni u tavallud ayyomini nishonlayotgan paytda futbolchi nabirasi Eldor UYeFA Konferensiyalar ligasi saralash bosqichida «Roma»dagi birinchi rasmiy uchrashuvida «Trabzonspor» darvozasiga rimliklar safidagi ilk golini urdi.
Aslida to‘purarlardan uchrashuvdan keyin intervyu olish ancha zerikarli ish. Ular, odatda, siyqasi chiqib ketgan oddiy gaplarni takrorlaydi xolos. Lekin 26 yoshli Shomurodov barcha stereotiplarni sindirib tashlab, jurnalistga hali to‘liq o‘zlashtirilmagan italyan tilida golni sevimli buvisining tug‘ilgan kuniga bag‘ishlaganini aytdi.
– Men juda xursand bo‘ldim va baxtdan yig‘lab yubordim. Men uning nimalar deganini tushunmadim, qulog‘imga men yaxshi ko‘rgan va sog‘ingan ovoz kirdi xolos, – deydi Hadicha Shomurodov Eurasianet.org saytiga.
Keyinroq, uning fikru xayoli buvilarga xos mehribonlik bilan yo‘g‘rildi.
– Bazo‘r, «rahmat Eldor», – dedimu, keyin qo‘shimcha qildim: «Bir necha bor yiqilding, hammasi joyida, deb o‘ylayman».
Qaysidir futbolchi yiqilganini ko‘rsam, yuragim achishadi. Eldor yiqilsa o‘zimga-o‘zim: «O‘rningdan tur, bolam, deyman», – deydi Hadicha ona.
Hadicha Shomurodova futbolchilar oilasining eng yoshi ulug‘ kayvonisi. Shu bois, u o‘zi tomosha qilgan uchrashuvlar sanog‘ini chalkashtirib yuborgan. Lekin Eldorning o‘yinlarini boshqalari bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. U Shomurodovlar sulolasida birinchi bo‘lib, Yevropa futboliga yorib kirdi.
Buvining jarohatlardan cho‘chib qolganiga o‘ziga yarasha sabablar bor.
Hadicha onaning o‘g‘li, Eldorning otasi Azamat Shomurodov 1990 yillarda mahalliy «Surxon» jamoasi safida Surxondaryo viloyati sharafini himoya qilgan. Og‘ir jarohat tufayli sportdan ketishga majbur bo‘lgan.
O‘zining kelajagi armonga aylanganidan keyin Azamat Shomurodov bor e’tiborini o‘g‘illarining professional futbol ligalarida o‘ynab, orzusini ro‘yobga chiqarishiga qaratdi.
To‘ng‘ich o‘g‘il Sanjar, hozir 40 yoshda, 2008-2013 yillar Qashqadaryo viloyatining «Sho‘rtan» jamoasida o‘ynadi. Lekin faoliyati birdan to‘xtadi.
– 2013 yili mashg‘ulotlar chog‘ida payim cho‘zilib qoldi. To‘rt yil davolanishimga to‘g‘ri keldi. 2017 yili «Surxon» safida katta futbolga qaytdim. Bir yil o‘ynaganimdan keyin, yana faoliyatimni to‘xtatishga majbur bo‘ldim, – deydi Sanjar Eurasianet.org muxbiriga.
Hozir Sanjar Shomurodov Surxondaryo futbol federatsiyasini boshqarmoqda. U ukasi bilan faxrlanadi.
– Men ukam Eldorga chin dildan havas qilaman. Har holda, oramizdan bir kishi Yevropa futboliga qadam qo‘ya oldi. Bu oilamizning orzusi va maqsadi edi, – deydi Sanjar.
Sanjardan 14 yosh kichik bo‘lgan Eldorni 11 yoshida Jarqo‘rg‘ondan 300 kilometr uzoqda joylashgan «Mash’al» futbol maktabiga berishdi.
Jarqo‘rg‘on – Afg‘oniston chegarasidan 70 kilometr masofada joylashgan 20 ming aholiga ega kichik shaharcha. Yozi jazirama issiq, ba’zan harorat 50 darajagacha ko‘tariladi.
Lekin bularning bari hozir ikkinchi darajada. Bugungi kunda Jarqo‘rg‘on aholisining e’tibori «Roma» klubiga, uning mashhur murabbiyi Joze Mourino va albatta, Eldorning o‘ziga qaratilgan.
– Eldor menga o‘zbeklar va italyanlar o‘rtasida ko‘p o‘xshashliklar borligini aytib berdi. Italiyaliklar ham o‘zbeklar singari sershovqin oilaviy o‘tirishlar va milliy taomlarini yaxshi ko‘rarkan. U bir necha italyancha taomlar nomini aytdiyu, men eslab qololmadim, – dedi Hadicha Shomurodova.
Shomurodov har gal O‘zbekistonga kelganida, birinchi navbatda, Termizdagi bolalar uyini ziyorat qiladi.
– Bolalar uyida Eldorni doim kutishadi. Ukam sovg‘a-salomlar bilan keladi va moddiy yordam ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Termizdagi stadionda Eldorning muxlislari bo‘lgan 300 nafardan ziyod yosh futbolchilar uchun master-klass ko‘rsatamiz, – deydi Sanjar.
Yevropaning eng kuchli ligalaridan biriga kirib kelgan Eldor Shomurodovning yutuqlari o‘zbekistonlik yosh futbolchilarning katta ishtiyoqiga sabab bo‘ldi. Mamlakatda minglab bolalar futbol maktablariga hujjat topshira boshladi.
– «Trabzonspor» bilan uchrashuvdan keyin Eldor italyan tilini yaxshi bilmasligi sababli Mourino bilan muloqotda qiyinchilik borligini aytdi. Men nabiram italyanchani tezroq o‘rganib olishini orzu qilaman. Joze Mourinoga Eldorim italyanchani albatta o‘rganib olishini aytib, ungacha murabbiydan nabiramni qattiq urishmay turishini so‘rayman, – deydi Hadicha Shomurodova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter