Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ektor Kuper O‘zbekiston MTJni qanday shakllantiradi? U o‘z falsafasini ma’lum qildi

Ektor Kuper O‘zbekiston MTJni qanday shakllantiradi? U o‘z falsafasini ma’lum qildi

Фото: «Xabar.uz»

Milliy olimpiya qo‘mitasining anjumanlar zalida O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi murabbiyi Ektor Kuper bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Murabbiy O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan shartnoma tuzishining asosiy sababini aytib o‘tdi. Bu — O‘zbekiston terma jamoasining o‘z oldiga qo‘ygan jiddiy maqsadidir. Ya’ni, Osiyo chempionatidagi ijobiy natija va azaliy orzu bo‘lgan jahon chempionatiga chiqish. Shu sabab argentinalik mutaxassis va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘rtasida «3+1» sxemasida shartnoma tuzilgan.

«Osiyo kubogi va 2022-yilgi jahon chempionati saralash bosqichida ijobiy natija ko‘rsatish uchun barcha yoshdagi terma jamoalar bilan birgalikda harakat qilamiz, deb umid qilaman», dedi Ektor Kuper.

U o‘zbekistonlik futbolchilarni kuzatishni bugunning o‘zidayoq boshlaganini ta’kidladi hamda o‘zining o‘yin falsafasi haqida gapirdi:

«Mening falsafam futbolchilarga qarab o‘yin sxemasini tuzish emas, balki o‘zim to‘g‘ri deb hisoblagan sxemalarga o‘yinchilarni moslashtirish yoki shunga mos kuchli futbolchilarni tanlab olish. Asosiy maqsadim tartibli va psixologik jihatdan kuchli jamoani shakllantirish», dedi argentinalik murabbiy.

«Mahalliy murabbiylarni ham o‘z murabbiylik shtabingizga jalb qilasizmi?», degan savolga u: «Buni vaqt ko‘rsatadi. Bu borada mahalliy murabbiylarning ish faoliyati bilan tanishmay turib javob bera olmayman», deb javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, Ektor Kuperga 56 yoshli argentinalik Xose Karlos Fantagutssi va 37 yoshli gretsiyalik Antonio Sarioglu assistentlik qilsa, 36 yoshli misrlik Mahmud Fayoz Muhammad Shudaf jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yordamchilik qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring