Ekstremistlar uy va avtomobillarga o‘t qo‘ydi
Yuzlab yahudiy kelgindilari Iordan daryosining G‘arbiy sohilida joylashgan Al-Mug‘ayir qishlog‘iga hujum uyushtirdi. Oqibatda bir falastinlik halok bo‘ldi, yigirmadan ziyodi jarohatlandi. Ekstremistlar falastinliklarga tegishli uy va avtomobillarga o‘t qo‘ygan.
SNN xabariga ko‘ra, 1000-1200 nafar yahudiy kelgindisi qishloqni qamal qilgan va ulardan 500 nafari ko‘cha hamda xonadonlarga bosqin uyushtirgan, odamlarni o‘qqa tutgan. Mutaassib guruh yo‘qolib qolgan 14 yoshli isroillik o‘smirni qidirgani aytilmoqda.
Tel-Aviv hukumati Falastin yerlariga ko‘chirilgan yahudiy oilalarini faol ravishda qurollantirmoqda. Bu vaziyatda qurolsiz falastinliklar hayoti ikki karra xavf ostida qolayotgani aytilmoqda.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.
Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Binyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.
Noqonuniy yahudiy turarjoylari qurilishini Isroilning eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham nomaqbul deb biladi. Negaki, bu xalqaro huquq hamda Falastin davlatchiligining namoyishkorona poymol etilishidir.
Joriy yil fevral oyida prezident Jo Bayden G‘arbiy sohilda falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan yahudiylarga nisbatan sanksiya joriy etdi.
2023 yil dekabr oyida Fransiya, Avstraliya, Belgiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi ham G‘arbiy sohilda ekstremistik kayfiyatdagi aholi tomonidan falastinliklarga hujumlar misli ko‘rilmagan darajada ko‘payganidan chuqur xavotir izhor etgan va Tel-Avivdan zo‘ravonliklarga chek qo‘yishni talab qilgan edi.
Isroil tomonidan Falastinning bosib olingan hududlarida noqonuniy uylar qurilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilib kelinadi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.
Xalqaro hamjamiyat e’tirozlariga qaramay, Tel-Aviv ma’muriyati G‘arbiy sohilda yahudiy uylarini qurish va kelgindilarni ko‘chirish uchun tobora ko‘proq mablag‘ ajratmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter