Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekoturizm nima? Tabiatdan foydalanuvchi emas, uning ajralmas bo‘lagi bo‘ling

Ekoturizm nima? Tabiatdan foydalanuvchi emas, uning ajralmas bo‘lagi bo‘ling

Yurtimizda turizmning boshqa sohalari kabi ekoturizm ham rivojlanmoqda. O‘zbekistonning go‘zal, betakror go‘shalari, ulug‘vor tog‘lariyu maftunkor manzaralari, flora va fauna dunyosi sayyohlarni tobora o‘ziga jalb qilmoqda.

BMT Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) ma’lumotiga ko‘ra, ekoturizm jahon turizm bozorining 7 foizini tashkil qiladi va bu ko‘rsatkich yil sayin ortib bormoqda. O‘zbekistonning Zarafshon, Hisor, Surxon, Ugom-Chotqol tog‘ tizmalari va Qizilqum kabi tabiiy hududlari ekoturizm uchun juda katta salohiyatga ega hisoblanadi.

Dam olish yaxshi, lekin...

Kunlar isiy boshlashi bilan hammamiz ham tabiat bag‘riga oshiqamiz va afsuski, o‘zimiz hordiq chiqargan hududni turli chiqindilar bilan to‘ldiramiz. Qarabsizki, tabiat ehtiyojlarimizning qurboniga aylanadi. Uzoq yillar davomida chirimaydigan chiqindilarni qoldirib, atrof-muhitni ifloslanishga mahkum qilamiz. Bu biz ko‘p duch keladigan, o‘zimiz qayta-qayta takrorlaydigan va eng yomoni, oddiy holat deya qaraydigan, aslida esa fojiali oqibatlarga olib keladigan holatdir.

Tabiatga g‘amxo‘rlik — o‘zimizga g‘amxo‘rlikdir

Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ekoturizmni quyidagicha ta’riflaydi: “Ekoturizm — bu tabiiy hududlarga qilinadigan mas’uliyatli sayohat bo‘lib, u atrof-muhitni muhofaza qilish va mahalliy aholi farovonligini yaxshilashga ko‘maklashadi.”

Ekoturizmning asosiy tamoyillari tabiatni asrash va ekologik muvozanatni saqlash, mahalliy aholi bilan hamkorlikda ishlash va ularning daromadini oshirish, madaniy va tabiiy merosni qadrlash, barqaror rivojlanishga xizmat qilishdir.

Hurmatli yurtdoshlar! Dam olishga chiqqaningizda o‘zingizni shunchaki tabiatdan foydalanuvchi emas, uning ajralmas bo‘lagi sifatida his qiling. Atrof-muhitni asrash har bir insonning burchi ekanligini unutmang! Ekoturizmni tabiatni zararlaydigan emas, aksincha, har tomonlama foydali jarayonga aylantirishga o‘z hissangizni qo‘shing!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring