YeI elchisi O‘zbekistonni yashil energetika bo‘yicha harakatlarni davom ettirishga chaqirdi
Yevropa Ittifoqi elchisi Sharlotta Adrian O‘zbekistonda yashil energetikaga o‘tish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni baholadi. Toshkentda tashkil qilingan «O‘zbekistonda energiya samaradorligi: istiqbollar va muammolar» anjumanida nutq so‘zlagan diplomat bu boradagi yutuqlarni olqishlagani holda, chora-tadbirlarni izchil davom ettirishga undadi.
«O‘zbekiston energiya samaradorligini ta’minlash, toza va qayta tiklanuvchi energiya hissasini oshirish maqsadida energetika sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning barqaror energiyaga o‘tishdagi majburiyatlari va yutuqlaridan mamnundir hamda O‘zbekiston hukumati va xalqini shu paytgacha energetika sohasini isloh qilish borasidagi erishgan yutuqlari uchun olqishlaydi. Biz O‘zbekistonni yashil energetikaga o‘tish yo‘lini ochish borasidagi harakatlarni davom ettirishga chorlaymiz», – dedi YeIning yurtimizdagi elchi Sh.Adrian xonim.
Ta’kidlanishicha, Parij bitimi maqsadlariga erishish uchun energiya samaradorligi masalalariga ustuvorlik berish lozim. Energiyadan yanada samarali foydalanish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish hamda energiya xavfsizligini oshirishga yordam berish ko‘zlangan.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va YeI tomonidan moliyalashtirilgan SECCA loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda yuzdan ortiq manfaatdor tomonlar, energetika siyosatchilari, O‘zbekiston, YeI va unga a’zo davlatlar akademik va fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari vakillari qatnashdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi joriy subsidiyalashtirilgan energiya tarifi garchi iqtisodiy jihatdan ma’noga ega bo‘lsa-da, aholi va maishiy iste’molchilarni energiya samaradorligini takomillashtirishga undamaydi. Shunga ko‘ra O‘zbekiston hukumatining tarkibiy va institutsional islohotlari paketiga kiruvchi energetika sohasi transformatsiyasi umidbaxsh deya baholanmoqda.
Konferensiya davomida aynan energiya samaradorligini ta’minlash uchun umumiy siyosat va huquqiy baza, energiya iste’moli bo‘yicha ma’lumotlar to‘plash, sanoatda energiya auditi kabi mavzular muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, «Markaziy Osiyoda barqaror energetik aloqalar» (SECCA) loyihasi mintaqada YeIning ilg‘or tajribasiga muvofiq barqaror energiya tizimini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yil 12 dekabrda iqlim konferensiyasi yakunida qabul qilingan Parij bitimi BMTning barcha a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. O‘zbekiston ushbu hujjatni 2017 yil 19 aprel kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida imzolangan.
Parij bitimi bir qator ustuvor maqsadlar, jumladan, joriy asr davomida havo haroratining isish darajasini dunyo miqyosida Selsiy bo‘yicha 2 darajadan past saqlab turish va keyinchalik 1,5 darajadan oshmasligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter