Ehtimoliy yadro urushi... O‘zbekiston manfaatlariga javob bermaydi!
Janubiy Osiyo mintaqasida yangi beqarorlik olovi alanga olmoqda. Hindistonning 5-6-avgust kunlari Jammu va Kashmir shtatining shu vaqtga qadar saqlanib kelayotgan konstitutsiyaviy avtonomiya maqomini bekor qilishi bunga asosiy sabab bo‘lmoqda.
Shunday qilib mazkur hududning siyosiy-ma’muriy huquqlarini kafolatlovchi Konstitutsiyaning 370-moddasi bekor qilindi.
Hindlarning har ikki qonunchilik palatasi shu vaqtgacha alohida maqomiga ega bo‘lgan ushbu bahsli mintaqada endi ikkita – Jammu va Kashmir, Ladakx ittifoqdosh hududini tashkil qilmoqchi.
Bu yerda Hindiston o‘z harbiylari va xavfsizlik kuchlari sonini keskin oshirayotgani qaltis xatodir, deb baholashmoqda ekspertlar.
Pokiston bu harakatga keskin javob tariqasida Nyu-Dehlidan o‘z elchisini chaqirib oldi, Hindistonning Pokistondagi elchisi esa mamlakatdan chiqarib yuborildi, shoshilinch ravishda Xavfsizlik Kengashi majlisi o‘tkazildi.
Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bu nozik, biroq o‘ta xavotirli masalani xalqaro instansiyalarda, jumladan Xalqaro sudda hal qilish uchun taqdim etishini bildirdi. Pokistonning pozitsiyasini Turkiya, Xitoy, Malayziya va Indoneziya davlatlari qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilmoqda.
Bosh vazir Imron Xon hind tomoni xalqaro hamjamiyatni o‘z xatti-harakatlari oqibatlaridan chalg‘itish maqsadida tez orada Ozod Kashmirga nisbatan keng ko‘lamni hujumlar boshlashi mumkinligini aytib o‘tdi.
Ozod Kashmir hududi 1947 yilga qadar Kashmir knyazligi tarkibida bo‘lgan, biroq Hindiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgach, o‘zini o‘zi boshqaruvchi mustaqil hudud sifatida tan olingan. Biroq amalda uni Pokiston idora etadi. Kashmir knyazligining asosiy qismi hisoblangan Jammu va Kashmir ham avtonomiya e’lon qilgan, ammo amalda Hindiston tarkibida qolgan edi. Biroq asosiy aholisi musulmonlar bo‘lgani uchun Kashmirning hind nazoratidagi qismida doimiy beqarorliklar saqlanib kelmoqda. Bu yer dunyodagi eng harbiylashgan makon hisoblanadi. Har 15 nafar kashmirlikka bir hind harbiysi to‘g‘ri keladi.
Pokiston quruqlik qo‘shinlari shtabi boshlig‘i, general Kamar Javed Bajva Hindiston qarorini tanqid qilar, mamlakat armiyasi Jammu va Kashmirdagi aholini faol qo‘llab-quvvatlashini bayon qildi.
Pokistonning AQShda elchisi Asad Majid Xon «The New York Times» gazetasiga bergan intervyusida Pokiston o‘zining Afg‘oniston bilan chegarasidagi harbiy qo‘shinlarini sharqqa tomon ko‘chirishi mumkinligini bildirdi.
Rasmiy Dehli ham pozitsiyasi qat’iyligini yashirmayapti. 8-avgustda bosh vazir Narendra Modi millatga qilgan murojaatida ushbu mintaqa gullab-yashnashi va taraqqiyoti uchun ulkan imkoniyatlarga ega ekanligini, biroq shtatning maqomi tufayli yuzaga kelayotgan muammolar sababli bu imkoniyat ro‘yobga chiqmayotganini aytib o‘tdi. Jammu va Kashmir hududi bo‘yicha har qanday qarorni qabul qilish esa Hindistonning ichki ishlari ekanligini ta’kidladi.
Bu masala bo‘yicha Pokiston bilan har qanday tushunmovchilik xalqaro vositachilarsiz, faqat ikki tomon o‘rtasida hal qilishini lozim, deya bildirdi.
Hindistonning Syama Prasad Mukerji nomidagi jamg‘armasi direktori Anirban Gangulining yozishicha, Pokistonning bu borada aytayotgan va qilayotgan ishlari ular uchun hech qanday ahamiyatga ega emas.
«Avtonomiya maqomi uzoq yillar davomida Jammu va Kashmir, Ladakx buddiylik mintaqasining rivojlanishi, bu yerdagi aholi vakillari uchun teng imkoniyatlarni adolatli asosda taqsimlashga katta to‘siq bo‘lib keldi.
Endi aholi uchun yangi taraqqiyot davri boshlanadi. To‘g‘ri, ayirmachi kuchlar, transchegaraviy terrorchilik guruhlari tartibsizliklar keltirib chiqarishga urinadi, ammo aksariyat aholi Dehli qaroridan rozidir.
Pokiston esa hozir muammoni diplomatik va armiya vositasida hal qilishga qodir emas. U ayni paytda qiyin ahvolda va qurolli mojaroga tortilish uchun kuchlari yetarli darajada emas. Bu borada har qanday urunish uning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga va ichki beqarorligini yanada kuchayishiga xizmat qiladi», deydi jamg‘arma rahbari vaziyatni sharhlab.
Ammo Hindistonda bu boradagi qarashlar ham ikkiga bo‘lingan. «The Guardian» nashriga asli kelib chiqishi hind bo‘lgan Anish Kapur interyu berar ekan, jumladan shunday deydi: «Bosh vazir Narendra Modi siyosatini ochiq tanqid qilaman. Uning boshqaruvi mamlakatda bag‘rikenglik va erkinlikni bo‘g‘ishga qaratilgan. Hukmron Bxarata Janata partiyasi esa hindlarning «Toliboni»dir».
Yevropa Ittifoqi, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti vaziyatga xavotirlik bildirib, tomonlarni qarama-qarshilikni chuqurlashtirmaslikka chaqirmoqda.
Buyuk Britaniyadan mustaqillikni qo‘lga kiritgach, Hindiston va Pokiston davlatlari o‘rtasidagi asosiy ziddiyat markazi aynan ushbu hududlar bo‘lib qolmoqda.
Kashmir uchun birinchi urush 1947 yil oktyabrda hududdagi hindu yetakchisi Maxaraja Gari Singx tomonidan Jammu va Kashmirning hind qurolli kuchlari ixtiyoriga rasmiy topshirishi bilan boshlanib ketgan edi. O‘shanda BMTning faol aralashuvi bilan Kashmirga o‘zini o‘zi boshqarish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi bilan mojaroga yakun yasalgan edi.
Hindiston va Pokiston o‘rtasida 1964 yilda ikkinchi qurolli nizo kelib chiqdi. Yana BMTning aralashuvi bilan 1972 yil iyulda o‘t ochish to‘xtatilgan.
1998 yilda Hindiston 5 ta yadro kallagini sinovdan o‘tkazdi. Bunga javob tariqasida Pokiston oltida kallakni portlatdi. Bu bilan Kashmirning tog‘li chegara hududida yangi mojaro yuzaga kelib, vaziyat 2005 yilda davlatlararo kelishuv imzolanmaguniga qadar murakkabligicha qoldi.
Jammu va Kashmirdagi mahalliy Joish Muhammad jangari guruhi bir necha yildan buyon hind harbiylari va politsiyasiga qarshi qurolli kurash olib boradi. Oqibatda birgina 2018 yilda 400 kishi qurbon bo‘ldi. 2019 yil fevralda esa terrorchilar hind harbiylari karvoniga hujum uyushtirishi oqibatida o‘nlab askarlar qurbon bo‘ldi.
Shundan keyin Dehli harbiy havo kuchlari orqali Pokiston nazoratidagi Ozod Kashmirga havo zarbalari bera boshladi. Ammo har ikki tomondan ham talofatlar ko‘paygach, yana «noaniq sukut» davri boshlandi. Hozir esa o‘t ochish yana qayta boshlanib ketdi.
Aslida maqomning bekor qilinishi Hindistonning boshqa mintaqalaridan ushbu shtatga ko‘chib kelishning qonuniy imkoniyatini yaratar emish. Bu esa uzoq muddatli strategiyada hindlar foydasiga demografik muvozanatni o‘zgartirishi ko‘zlaydi.
Beqarorlik tufayli mahalliy aholi ham o‘z uylarini tark etmaslikka qaror qilishgan. Oziq-ovqat narxlari birdan oshib ketdi. Xavfsizlik vajidan xorijiy sayyohlar hududni tez tark etmoqda. Mahalliy siyosiy yetakchilar va mustaqillik tarafdorlari bo‘lgan 4 mingdan ortiq kishi qo‘lga olingan, xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.
Hindistonning amaldagi rahbariyati millatchilik kayfiyatidagi siyosatni olib borayotgani xalqaro hamjamiyatga norozilik uyg‘otmoqda. Jammu va Kashmir shtatini Hindistonga to‘liq siyosiy integratsiya qilishga nima bo‘lmasin urunish kelgusida mamlakatni jiddiy muammolarga duchor qilishi mumkin.
Chunki yaxshi bilamizki, Hindistonda konstitutsiyaga ko‘ra barcha shtatlar ham qarorlar qabul qilishda anchayin mustaqil bo‘lib, ular markaziy ma’muriyatning bir tomonlama siyosiy tuzilma yaratishga urunishini har holda xursand bo‘lib qabul qilayotgani yo‘q.
Masalan, 30 million aholiga ega, Kashmirga qo‘shni Panjob shtatida 2020-yilda referendum o‘tkazish rejalashtirilgan. Sikxlarning Xaliston deb nomlangan o‘z mustaqil davlatini yaratish g‘oyasi bu shtat aholisi orasida tobora ommalashib, asosiy g‘oyaga aylanmoqda. Shu sababli sikxlar hind harbiy xizmatchilarini Kashmirga nisbatan kuch ishlatishdan voz kechishga chaqirmoqda.
Parlamentdagi muxolif partiyalar esa bu jiddiy bahslar va qarama-qarshiliklardan yaqinlashib kelayotgan saylov jarayonlarida o‘z siyosiy maqsadi yo‘lida foydalanishi mumkin.
Shunday qilib, agar urush qonli tus ola boshlasa, bosh vazir Naredra Modining obro‘yiga jiddiy putur yetishi muqarrar. Shu bilan birga bu nizo jahonning yadro quroliga ega, shu bilan birga Shanxay hamkorlik tashkilotining a’zosi bo‘lgan ikki qudratli davlat o‘rtasida global fojiaga sabab ham bo‘lishi mumkin. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekistonning ham manfaatlari va xavfsizligiga sira javob bermaydi...
L.Hasan o‘g‘li
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter