Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yegulikka ham puli bo‘lmagan: mashhur shoirning g‘amgin hayot yo‘li

Yegulikka ham puli bo‘lmagan: mashhur shoirning g‘amgin hayot yo‘li

Edgar Allan Po – eng romantik, shu bilan birga rosmanasiga ajabtovur adiblardan biri. U go‘yo g‘amgin ulkan odam kabi Amerika adabiyoti sahifalaridan mustahkam o‘rin egallagan. Shu bilan birga qimor o‘yinlari va aroqxo‘rlikka mukkasidan berilib ketgani bois Virjiniya universitetidan haydalgan edi.

Keyinchalik Edgar mavjud yo‘riqnomalarga rioya qilmagani uchun Vest-Pointdagi harbiy akademiyadan ham chetlatilgan.

U kazarmada o‘tirib she’rlar yozar, bir vaqtning o‘zida boshqalar kabi harbiy mashq o‘tkaziladigan maydonda miltiq bilan bajariladigan usullarni ado etardi.

Yoshlik yillarida yetim qolgan Po tamaki bilan tadbirkorlik qiluvchi boy-badavlat kishi tomonidan asrandi o‘g‘il qilib olingan edi. Nihoyat, bu odamning ham toqati toq bo‘ldimi, asrandi o‘g‘lidan voz kechishni ma’qul ko‘rdi. U Edgarni tayoq bilan urib, uydan haydab yubordi, merosdan mahrum qildi, hatto yashashi uchun bir chaqa ajratmadi.

Poning uylanish tarixi ham abadiy asarning eng go‘zal lavhalaridan biri bo‘lishi mumkin edi. U xolasining qizi Virjiniya Klemga uylangandi. O‘sha paytda Poning puli yo‘q edi. Darvoqe, uning hech qachon mablag‘i bo‘lmas, nimaiki qilmasin, baribir pulga ega bo‘lolmasdi. Po suv aralashtirilmagan spirt ichardi. Uning yagona singlisi aqldan ozgan edi. Ayrimlar esa, Poning o‘zini ham yarim tentak, deb ta’kidlashardi.

Edgar Po o‘zining yosh xotinidan ikki barobar katta edi. U 26 da, xotini esa 13 yoshda edi. Qadimgi rivoyatlarga ko‘ra, bunday nikoh tezda zavol topishi lozim. Ammo ularning ittifoqi, aksincha romantik muvaffaqiyatga sazovor bo‘ldi. Edgar Po o‘zining yoshgina xotiniga salkam sig‘inardi. Uning Virjiniyaga nisbatan so‘nmas muhabbati nazokatli she’riy satrlar yaratishiga ilhomlantirdi. Bu esa ingliz tilini abadul-abad chiroyli so‘zlar bilan boyitdi.

Edgar Po she’rlar va hikoyalar ham ijod qildi, ular dunyo adabiyotining nodir namunalari safidan muhim o‘rin egalladi. Ammo u hayot kechirishi uchun o‘zining ana shu durdona asarlarini sota olmasdi. Masalan, Po o‘lmas deb hisoblanmish ushbu dostonini butun dunyoga taqdim etgandi:

Kitob javonim ko‘raman
U serjilo, u bebaho,
Minerva haykalidan
Biror tomon ketmas aslo.
Qora Qarg‘a o‘ltiradi –
Niyati balki qaro,
Nigohi shunchalar o‘tkir
Muz bo‘lagin teshar, hatto.
Ruhim misli muz bo‘lagi,
Qotib qolgan tin olmay,
Ko‘tarmas, ko‘tara olmas
Og‘ir, vazmin qaddin aslo.

Edgar Po «Qarg‘a» dostonini qayta ishlab, misralar ustida ter to‘kib, tanaffuslar bilan o‘n yil davomida poyoniga yetkazdi. Nashr ettirganidan so‘ng unga bor-yo‘g‘i ikki funt haq to‘lashdi, bu – ikki chaqa pul, degani edi. Masalan, Hollivud aktyori Jon Berrimor ekranda bir daqiqa ko‘rinib, bundan ko‘p gonorar olgan. Aftidan, kinematografiya she’riyatga nisbatan ko‘proq daromadli ko‘rinadi.

Xullas, Po o‘zining «Qarg‘a» dostoni uchun hammasi bo‘lib ikki funt olgan edi. Qarangki, qo‘lyozmaning o‘zi keyinchalik o‘nlab ming funtga sotildi. Demak, savol berish o‘rinli: nima uchun biz daholarimizning tiriklik chog‘ida yarim och holda yashashlariga yo‘l qo‘yib beramiz-u, ular vafotidan so‘ng qolgan qo‘lyozmalariga haddan ziyod fantastik mablag‘lar to‘laymiz?

Nyu-Yorkdagi gavjum maydonlardan birining yonida Po va Virjiniya istiqomat qilgan kottej bo‘lardi. Po ijaraga olgan ushbu turar joy yarim vayrona kulbani eslatgan. Hozir u qaytadan qurilgan uylar bilan o‘rab olingan. Ammo o‘sha vaqtda bu go‘sha keng bog‘ o‘rtasida bamisoli shinam uya kabi ko‘rinardi. Bahor kelganida, havo gullagan siren va giloslarning ifori bilan to‘lardi. Asalarilar g‘uvillashi quloqqa chalinardi. Bu haqiqiy jannat, afsonalarga liq to‘la burchak edi.

Po imoratni oyiga 12 shilling to‘lash sharti bilan ijaraga olgan, ammo ana shu arzimas pulni to‘lashga ham uning qurbi yetmasdi. Ko‘pincha to‘lamasdi ham. O‘shanda xotini sil kasali bilan og‘rib, aziyat chekkanida, Po, hatto uning uchun yegulik sotib olishga pul topa olmagan. Ular ko‘pincha och yurganlar. Bahorda, hovlida momaqaymoq ochilganida, har kuni shu o‘tlarning boshini kesib olib, qovurib tanovul qilishardi.

Virjiniya shu yerda olamdan o‘tdi. O‘limidan bir necha oy muqaddam u somon solingan to‘shakdan tura olmadi, isinish uchun durustroq kiyimi yo‘q edi hatto. Virjiniya haddan ziyod sovqotib qolganida, onasi uning qo‘llarini, Po esa oyoqlarini uqalardi. Po Virjiniyaning qaltiragan tanasini o‘zining eski, harbiy xizmatdan qolgan plashchi bilan o‘rar, bu kiyimni u Vest-Poyntda bo‘lgan davridan buyon kiyardi. Tunda esa erkalatish va pand-nasihatlar yordamida xotinini oyog‘iga mushukni qo‘yib uxlatishga ko‘ndirardi.

Bundan bir necha yillar muqaddam Nyu-York shahri ma’muriyati shoir yashagan kottejni o‘z tasarrufiga olib, memorialga aylantirdi. Ko‘pchilik uchun u muqaddas, xayoldan ketmas g‘amgin o‘y-fikrlar yuritadigan ilohiy go‘shadir. Bu maskanga boradilar-u, ammo osongina tark etolmaydilar.

Virjiniya yanvar oyida vafot etdi.

Oylar o‘tdi va va yana bahor keldi. Bog‘ uzra oy ko‘tarildi, ufqda esa yulduzlar charaqlab ko‘rindi. Po esa sukut saqlab o‘tirar, Virjiniyani o‘ylab aziyat chekar, uni sog‘inardi. Shoir ana shu hissiyotlar og‘ushida Virjiniyaga ishqiy xitob bilan murojaat qilar, boshqa har qanday erkak bunday xitobni o‘z xotiniga bag‘ishlay olmagan bo‘lardi:

Oy yog‘du sochar ekan,
Nuri ila keltirur,
Ennabel Li ashkini.
Gar yulduzlar porlasa,
Demak, go‘zal, shodon fayzli,
Ul erurki, Ennabel Li.
Uzun tunlar singib ketgum
Mehribonim og‘ushiga.
Yer chekkasin eng qorong‘u
To‘lqin urgan qirg‘og‘ida.

«Mashhur kishilar hayotidan
noma’lum sahifalar» kitobidan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring