Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning sheriklariga hukm e’lon qilindi

DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning sheriklariga hukm e’lon qilindi

Bugun, 2019-yil 27-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmatining (DXX) sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki oydan ortiq davom etgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, uch yuzdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi, dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirildi.

Natijada, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Shuningdek, sudning hukmi bilan: DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Igamov 16 yil, DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Ishanxodjayev 17 yil, Toshkent shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari Yorqin Abdullayev 14 yil, Adliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Yusufboy Xodjayev 8 yil, Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Hidoyatov 5 yil, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov 5 yil, Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindilar.

Qolgan 15 nafar sudlanuvchiga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, jazolar tayinlandi.

Bundan tashqari, sud tomonidan jinoyatlar oqibatida davlat, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga qaratilgan tegishli choralar belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring