DXX qanday holatlarda kuch va qurol ishlatadi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 5-aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni imzolagani haqida xabar bergan edik. Ushbu qonunning to‘liq matni «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari o‘ziga biriktirilgan o‘qotar qurol va maxsus vositalarni xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olib yurish, saqlash, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda o‘qotar qurolni qo‘llash huquqiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ega bo‘ladi.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilishidan avval ularni qo‘llash niyati to‘g‘risida aniq ifodalangan ogohlantirish bo‘lishi kerak, bundan ushbu ogohlantirishning imkoni bo‘lmagan yoki ularning qo‘llanilishidagi sustkashlik fuqarolarning va Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining hayoti hamda sog‘lig‘iga bevosita xavf soladigan va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Bunda Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisi har qanday zararning imkon qadar kam bo‘lishiga intilishi shart.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisi, agar yuzaga kelgan vaziyatda maxsus vositalarni yoki o‘qotar qurolni qo‘llash uchun mazkur moddada hamda ushbu Qonunning 27 va 28-moddalarida nazarda tutilgan asoslar yuzaga kelishi mumkin deb hisoblasa, maxsus vositalarni yoki o‘qotar qurolni qo‘llash uchun tayyorlash va jangovar holatga keltirish huquqiga ega.
Jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishi yoki tashkil etilishi kerak.
Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisi jismoniy kuch ishlatilgan, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilgan har bir holat to‘g‘risida bevosita boshlig‘iga darhol axborot berishi shart.
Davlat xavfsizlik xizmatining organi jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qo‘llanilganligi natijasida jismoniy yoxud yuridik shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek o‘qotar qurol qo‘llanilgan barcha hollar to‘g‘risida tegishli prokurorga darhol xabar beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter