Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX Namangan, Toshkent va Sirdaryoda tezkor tadbirlar o‘tkazdi

DXX Namangan, Toshkent va Sirdaryoda tezkor tadbirlar o‘tkazdi

DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar hamda bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Samarqand-Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtomashina Chust tumani hududida to‘xtatilib tekshirildi.

Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Samarqand shahrida yashovchi, 1968 va 1991-yillarda tug‘ilgan 2 fuqaroning yonida 1 kg 470 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan mamlakatimiz hududiga o‘tkazilgan ushbu narkotiklarni Namangan shahriga olib borib berishlari evaziga, mazkur 2 fuqaroning har biriga 1 mln. so‘mdan pul berilishi va’da qilingan.

Boshqa bir holatda esa Namangan shahrida yashovchi, 1978-y.t., muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs boshqaruvidagi «Lada» rusumli avtomashina viloyat markazida to‘xtatilib tekshirilganda, uning salonida 931 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, u qirg‘izistonlik narkokur’yer tomonidan mamlakatimiz hududiga o‘tkazilgan mazkur ajal og‘usini Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi, 1974-y.t., muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsdan olganligi aniqlandi hamda u ham ushlandi.

Namangan shahridagi avtoturargohlardan birida 1984-y.t. mahalliy fuqaro 1.568 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 1600 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Xizmat xodimlari tomonidan bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda mamlakatimiz poytaxtida ham bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1989 va 1992-yillarda tug‘ilgan 2 fuqaro 496 gr. «gashish» moddasini kelgusida sotish maqsadida Toshkent shahriga olib kelgan vaqtlarida Chilonzor tumanida ushlandi.

Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1991-y.t. fuqaro 1680 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 30 mln. so‘mga, Bektemir tumanida qayd etilgan holatda esa 1991-y.t., muqaddam sudlangan shaxs 133 dona «Regapen» va 43 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 12 mln. so‘mga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Bu yo‘nalishda DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

Xususan, «Farg‘ona-Sirdaryo» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Guliston shahrida yashovchi, 1991-y.t. shaxs boshqaruvidagi «Jentra» rusumli avtomashina «Sayxunobod» YPX maskanida to‘xtatilib tekshirilganda, unda 242 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi hamda mamlakatimizda muomalasi cheklangan narkotik moddalar turkumiga kiruvchi 78 dona «Tramadol» dori vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1992-y.t., muqaddam sudlangan shaxsning Guliston shahridagi yashash manzilidan 406 dona «Regapen» va 56 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring