Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX ikki amaldorni qo‘lga oldi

DXX ikki amaldorni qo‘lga oldi

Foto: Videolavhadan skrinshot

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Qashqadaryo filiali bosh muhandisi o‘rinbosari paxta-to‘qimachilik klasteriga tegishli bo‘lgan 21 ta suv nasos quduqlarini elektr tarmoqlariga ulash uchun «texnik shart» berish evaziga 7 ming AQSh dollari talab qilib, joriy yilning yanvar oyida 3 ming AQSh dollari oladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bosh muhandis o‘rinbosari qolgan 4 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 205 va 209-moddalari bilan sudlangan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Jizzax viloyati «Toza hudud» DUK bosh hisobchisi ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbariga nisbatan sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish, ya’ni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur shaxs ham muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanganligiga qaramasdan, qayta jinoyatga qo‘l urgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring