DXA direktori xizmat oluvchilarga murojaat bilan chiqdi
Davlat xizmatlari agentligi har biringizni qadrlaydi. Shu bois, bugungi murojaatimizni Sizga bo‘lgan samimiy g‘amxo‘rlik sifatida qabul qilishingizni so‘raymiz.
Xabaringiz bor, bugun mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shuning uchun ham, xizmatdan foydalanuvchilarni ushbu virusdan himoya qilish bizning oldimizda turgan birinchi galdagi dolzarb masaladir.
Boshqa shaxslar bilan ortiqcha aloqalarni cheklash, bugungi kunda eng samarali usul hisoblanmoqda.
Shu bois, uyingizni muhim zarurat bo‘lmaganda tark etmaslikni qat’iy tavsiya qilamiz.
Biz Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini to‘xtatayotganimiz yo‘q. Bor imkoniyatlarimizni ishga solib, ushbu murakkab vaziyatda ham zarur davlat xizmatlarini olish imkoniga ega bo‘lishingiz uchun harakatdamiz.
Xodimlar bilan kunlik tushuntirish ishlari olib borilib, belgilangan grafik asosida Markaz binolarida dezinfeksiya amalga oshirilmoqda hamda zarur himoya vositalari bilan ta’minlanmoqda.
Ushbu muammoli jarayonni yengganimizdan so‘ng, ish vaqtining uzaytirilgan tartibida, shuningdek shanba kunlari ham Sizlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishdan mamnun bo‘lamiz.
Biroq, hozirda virus tarqalishi xavfini kamaytirish uchun, Davlat xizmatlari markaziga tashrifingizni boshqa vaqtga qoldirishingizni so‘raymiz.
E’tibor bering! Markazlarimiz orqali ko‘rsatilayotgan aksariyat xizmatlardan onlayn tarzda my.gov.uz portali orqali foydalanish mumkin.
Davlat xizmatlari uchun belgilangan bojlarni O‘zbekistonda ishlab turgan barcha elektron to‘lov tizimlari (klik, peymi, oson va boshqalar kabi) orqali to‘lash mumkin.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini raqamli ko‘rinishda olsangiz, Sizga belgilangan to‘lovning 10 % miqdorida chegirma taqdim etiladi.
Davlat xizmatlarini elektron shaklda olish mushkul emas. Bir marotaba urinib ko‘ring va o‘zingiz bunga amin bo‘lasiz.
Yuqorida aytib o‘tganlarimizni tushunishingizga umid qilamiz.
O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang.
Xalilillo Turaxujayev,
Davlat xizmatlari agentligi direktori.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter