Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXA avtoraqamlar berishning sodda va korrupsiyasiz mexanizmini taklif qildi

DXA avtoraqamlar berishning sodda va korrupsiyasiz mexanizmini taklif qildi

Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligi avtoraqamlar berishning mutlaqo soddalashtirilgan va korrupsiyasiz mexanizmini taklif qilmoqda, deb xabar berdi «Huquqiy axborot» kanali.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi – regulation.uz saytiga avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi mexanizmini belgilab beruvchi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va avtoraqam berish xizmati tajriba tariqasida 2019 yil 1 maydan boshlab, Toshkent shahrida Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi.

Bunda, markazlar orqali quyidagi toifadagi avtotransport vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda:

– O‘zbekistonda ishlab chiqilgan va xorijdan keltirilgan yangi avtomototransport vositalari;

– notarial oldi-sotdi shartnomasi asosida mulkdori o‘zgargan ikkilamchi avtotransport vositalari.

Avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun fuqarolardan faqatgina pasport va mulk huquqini e’tirof etish hujjati (avtosalonlardan beriladigan hisob-ma’lumotnoma, bojxona deklaratsiyasi yoki oldi-sotdi shartnomalaridan biri) taqdim etiladi xolos.

Xizmat ko‘rsatish vaqti – atigi 1 soat.

Loyiha aholini qiynayotgan asosiy ikki muammo – byurokratiya va korrupsiyani istisno etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Agentlikning taklifiga ko‘ra: endilikda avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish TALAB ETILMAYDI.

Ko‘rikdan o‘tkazmasdan, ya’ni, avtotransport vositasining dvigateli, shassi raqamlarini ko‘rib solishtirmasdan turib avtotransport mulkdorini belgilashning xavflilik darajasi baland emasmi degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Javob bitta – bunda hech qanday risk yo‘q. Qanday qilib..?

Sababi, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan avtotransport vositasi sotib olinganda, avtosalonlar mulk huquqini e’tirof etish hujjatlarini (schyot-spravkalarni) shundoq ham avtomototransport vositalarining turi, markasi, modeli, ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisi, identifikatsiyalovchi shassi (rama), kuzov va dvigatellar raqamlarini solishtirgan holda beradi.

Shunday ekan, buni yana qayta texnik yoki boshqa ko‘rikdan o‘tkazishga ehtiyoj mavjud emas.

Xuddi shunday, xorijdan keltirilgan yangi avtotransport vositalari haqidagi ma’lumotlar (deklaratsiya hujjatlari) ham bojxona organlari tomonidan elektron tizimga kiritib boriladi, ularni tizim orqali tekshirish imkoniyati yaratilgan.

Shunga ko‘ra, endilikda Davlat xizmatlari markazlari avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda maxsus elektron tizim orqali avtosalonlar tomonidan berilgan schyot–spravkalar hamda bojxona organlari tomonidan berilgan bojxona deklaratsiyasi ma’lumotlariga asoslangan holdaavtotransport vositasini ko‘zdan kechirmasdan ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Soddaroq ifodalaydigan bo‘lsak, fuqarolar avtomashinasini ro‘yxatdan o‘tkazish va avtoraqam olish uchun Markazlarga avtotransport vositasi bilan kelishi ham shart emas.

IKKILAMChI BOZORDAGI AVTOTRANSPORTLARChI?

Ularni ham qayta rasmiylashtirishda – texnik yoki boshqa tarzdagi ko‘riklardan o‘tkazish talab etilmaydi.

Sababi – eski avtotransportlar notariuslar tomonidan boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomalari asosida o‘tkazilgunga qadar shundoq ham ichki ishlar organlari tomonidan agregatlar raqamlari ro‘yxatdan o‘tkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan ko‘zdan kechiriladi.

Notarius ichki ishlar organinining ushbu ma’lumotnomasiga asoslangan holda oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaydi.

Shunday ekan, oldi-sotdi qilingan avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishda uni yana qayta ko‘rikdan o‘tkazishga ehtiyoj mavjud emas.

Ya’ni, Davlat xizmatlari markazlari ikkilamchi bozordagi avtotransportni –  notarial shartnomani elektron tizimdan tekshirgan holda hech qanday ko‘rikdan o‘tkazmasdan amalga oshiradi.

AVTORAQAMLAR – KORRUPSIYaSIZ!

Endilikda avtoraqamlar korrupsiyaning oldini olish maqsadida maxsus elektron tizim orqali inson omilining aralashuvisiz to‘liq avtomatik tarzda tanlash orqali taqdim etiladi.

Har bir ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqamlar Markaz binosidagi yirik interaktiv ekranda ochiq ko‘rinishda aks ettiriladi va real vaqt rejimida yangilanib boriladi.

Xuddi shuningdek, auksion orqali beriladigan avtoraqamlar toifasiga kirmaydigan ayrim xaridorgir raqamlarni (jumladan, «ko‘zgu» shaklidagi, masalan 212, 343, 717  va hokazo) orttirilgan stavkada taqdim etish nazarda tutilmoqda.

E’tiborli jihati, bunda ham korrupsion xavfni nol darajagacha kamaytirish maqsadida ushbu toifadagi raqamlar ham qo‘shimcha to‘lov evaziga avtomatik tarzda elektron tizim orqali tanlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ya’ni, fuqaro xaridorgir raqam uchun eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdoridagi qo‘shimcha to‘lov amalga oshirsa, unga 1X1 – 9X9 toifadagi ko‘zgusimon raqamlardan (jami 72 ta) biri inson omilining aralashuvisiz elektron tizim orqali tanlab beriladi.

Davlat xizmatlari agentligi fuqarolarni ushbu loyiha muhokamasiga o‘z taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etishga chorlaydi.

Zero, loyiha yuzasidan har bir asosli taklif, xizmat ko‘rsatish jarayonini yanada soddalashtirishga doir takliflar – ertangi farovon davlat xizmatlarini joriy etish uchun ahamiyatlidir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring