Dushanbedagi Markaziy Osiyoning eng yirik masjidi mart oyida ochiladi
Tojikistonda qurilgan Markaziy Osiyodagi eng yirik masjidni mart oyida ochishmoqchi. Tojikiston arxitektura va qurilish qo‘mitasi «Avesto» axborot agentligiga xabar berishicha, mamlakat poytaxtida Markaziy Osiyodagi eng katta jome’ masjidini qurish ishlari nihoyasiga yetgan.
«Masjid o‘tgan yilning oktyabr oyida Qatar amiri ishtirokida ochilishi kerak edi. Ammo o‘shanda Qatar amiri Tojikistonga kela olmagandi, uning tashrifi kelayotgan mart oyiga rejalashtirilgan. Masjidning rasmiy ochilishi ham o‘shanda bo‘ladi», — deyiladi xabarda.
Hududiga bir paytning o‘zida 120 ming nafar namozxon sig‘adigan ushbu masjidni qurishga 2009-yilda kirishilgan edi.
Masjid loyihasi tojikistonlik va qatarlik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Tojik va jahon me’morchiligining qadimiy va zamonaviy elementlarini o‘zida mujassam etgan masjid har birining balandligi 75 metrli 4 ta minora, 47 metrli asosiy gumbaz hamda 20 ta katta va kichik gumbazlardan tashkil topgan.
Markaziy jome’ masjidi Dushanbe shimoliy qismida 12 gektar yer maydonida joylashgan, bu yerda kutubxona, muzey, mehmonlarni kutib olish va muzokaralar o‘tkazish zallari ham bor.
Ob’yektning loyiha qiymati 100 mln. dollarga baholangan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, masjid Qatar hukumati pullariga qurilgan.
Ushbu havolalar orqali Turkiya va Yevropadagi eng yirik masjidlar haqida o‘qishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter