Jannatni larzaga keltirayotgan xabar
Aytishlaricha, inson qalbida zabt etilmagan va his qilinmagan go‘zal tuyg‘ularni farzand quvonchi hadya qilar ekan. Chindan ham, bolalar bizga hayotning eng go‘zal tuyg‘ularidan zavqlanishimiz uchun berilgan eng qadrli tabiiy xazinamiz.
So‘nggi vaqtlarda kunora tarqalayotgan mash’um bir xabar bizning qalbimiz bilan birga, har gal jannatni ham larzaga solayotgan bo‘lsa, ajab emas: «...chaqalog‘ini sotayotgan ona qo‘lga olindi».
Taassufki, shu kunlarda bolasini vahshiylarcha o‘ldirgan, ko‘chaga tashlab ketgan, yovuzlarcha qiynagan ota-onalar to‘g‘risidagi xabarlarning tarqalishi odatiy voqeaga aylanib qoldi. Nazarimda, ko‘z o‘ngimizda bolajon, oliyjanob, o‘z vaqtida minglab yetti yot begona bolalarni bag‘riga olgan tanti bu millat ma’naviyatida evrilishlar kuzatilmoqda. «Google» tarmog‘ida «chaqalog‘ini sotayotgan ona qo‘lga olindi» degan o‘zbek tilidagi jumlani qidiring. Qirq soniya ichida sizga besh mingga yaqin ana shunday mazmundagi xabarlar taqdim qilinadi. Bularni o‘qir ekansiz, xayoldan ona bo‘lish biologik omilga emas, to‘laligicha insoniy omilga taalluqli ekan, degan fikr o‘tadi.
Buyuk Britaniyaning «The Week» nashriga ko‘ra, bugungi kunda «bola savdosi» jahon miqyosida tobora ommalashmoqda. Xitoyda o‘g‘irlangan bolalarni internet tarmog‘i orqali sotish va sotib olish mumkin. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlarda yirik jinoiy guruhlar va forumlar tashkil qilingan.
Bir muddat avval internetda tarqalgan, yuzlab bolalarning murdasi ortilgan konteyner aks etgan videolar ham fikrimizga dalil bo‘ladi. Videodagi yozuv esa inson sha’ni uchun isnod:
«Politsiya tomonidan transport konteyneridan yuzlab bolalarning jasadlari topildi. Ularning ichki tana a’zolari kesib olingan. Bolalarning barchasi Tailandga turli davlatlardan o‘g‘irlab kelingan. O‘z farzandlaringizni ehtiyot qiling!»
Garchi, rasmiy Pekin aniq bir ma’lumot taqdim etmay, turli dalillarni rad etib kelayotgan bo‘lsa ham, AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, har yili Xitoyda kamida 20 mingdan ziyod bola o‘g‘irlanadi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari taqdim etayotgan raqamlar yanada qo‘rqinchli — 200 000!
Xitoyda bolalar bilan savdo qiluvchi «qora bozor» 2005 yillarda yuzaga kelgan. O‘shanda 28 nafar o‘g‘irlangan chaqaloq olib ketilayotgan avtobus aniqlanib, yirik jinoiy ish fosh qilingan va jinoyatchilarga o‘lim jazosi tayinlangan.
Ayniqsa, 2014-yilda Xitoyda bolalar bilan savdo qiluvchi 4 ta yirik to‘da, ular uchun xizmat qiluvchi ming nafar jinoyatchi qo‘lga olingan.
Xitoyda bu kabi jinoyatning yuzaga kelishi yaqin-yaqingacha amalda bo‘lgan «bir farzandlilik siyosati» bilan bog‘liq. Garchi, bu qonun bekor qilingan bo‘lsa-da, «bolalar oldi-sotdisi»ning ko‘lami tobora avj olmoqda. Uning ta’siri nafaqat Xitoy, balki qo‘shni davlatlar, mintaqada, jumladan, O‘zbekistonda ham ko‘zga tashlanmoqda.
Surishtiruvlarga ko‘ra, o‘g‘irlangan bolalardan asosan biologik a’zolar, jumladan, buyragi, jigari, o‘t qopi olinadi. Shuningdek, bu bolalardan tilanchilikda yoki jinoiy to‘da a’zosi, qo‘poruvchi, fohisha, qul sifatida foydalaniladi. Bugun belanchakdan yuz o‘girgan va tug‘ishni istamagan G‘arbda ham bolaga ehtiyoj yuqori. O‘g‘irlangan va sotib olingan go‘daklar jinoiy to‘dalar orqali bu mamlakatlarga yetkazilmoqda.
So‘nggi bir yilda mamlakatimizda bolasini pullayotgan onalar haqidagi xabarlarni kunora ko‘rib kelyapmiz. Biz-ku, «inson muqaddasdir» degan mafkura ostida ulg‘aydik va bunday manfur yangiliklarga endi duch kelyapmiz. Biroq, mana shu xabarlar oqimida o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida «odamni ham sotish mumkin ekan», degan g‘oya bilinar-bilinmas ildiz otmoqda.
Tog‘day og‘ir savol tug‘iladi: o‘zbek onasini o‘z jigarbandini sotishga nima majbur qilmoqda, qanday omillar bunday jinoyatlarga zamin yaratib bermoqda?
Tug‘ruqxonalarda pora orqali chaqaloqlarni «o‘zlashtirish» jinoyatiga qarshi so‘nggi yillarda qattiq kurash olib borilmoqda. Faqat kurashish, jinoyatchilarni qamash bilan ish bitmaydi. Bu jinoyatni yuzaga keltirayotgan omillarni aniqlash kerak.
Bugungi qonunchilikka ko‘ra, beva ayol farzand asrab olishi uchun sobiq turmush o‘rtog‘idan ham rozilik xati kerak bo‘ladi. Bevaning doimiy ish joyiga, odob-axloqi hamda namunali turmush tarziga ega bo‘lishini tushunish mumkin. Lekin «sobiq»larning hammasi ham rozilik xati berish darajasida mard emas. Ko‘rib turibsizki, ajrashib ketgan oila a’zolari hanuz bir-birining taqdiriga daxldor bo‘lib qolaveradi.
Shuningdek, turli sabablarga ko‘ra farzandli bo‘la olmayotgan oila «Mehribonlik uyi»ga biror go‘dakni asrab olish istagini bildirsa, tuman Xalq ta’limi bo‘limi qoshidagi bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘limiga zarur hujjatlarni taqdim qilishi, ro‘yxatdan o‘tib qo‘yishi kerak bo‘ladi. Tanlangan go‘dak esa oilaga bir yildan so‘ng, ya’ni uning ota-onasi qaytib kelmasligiga ishonch hosil qilingach, keyin beriladi.
Bir yil davomida esa go‘dakni tanlagan oila bolaning issiq-sovug‘idan, kiyim-kechagidan xabar olib turadi, ya’ni homiysiga aylanib, oxirgi kungacha yurak hovuchlab yashaydi. Lekin kim ham shuncha rasmiyatchilik va xarajatga, tavakkalchilikka qodir deysiz? Natijada, ko‘pchilik tug‘ruqxonaga murojaat qilish yoki pul uchun tug‘ayotganlar bilan kelishish kabi jinoyatlarga qo‘l urishga majbur bo‘ladi! Ha, ular majbur bo‘lishmoqda!
Qolaversa, farzand ko‘ra olmagan insonlar aka-ukasining farzandini asrab olish istagida bo‘ladi. Shuningdek, yana kimdir farzand ko‘rish chog‘ida hayotdan ko‘z yumgan yaqinining farzandini qaramog‘iga olishga majbur bo‘ladi. Bu jarayonlarning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.
To‘g‘ri, qonun bor, har narsada me’yor bor deymiz. Biroq, hayot davom etar ekan, qonun va qarorlarni ham maqbullashtirish ehtiyoji yuzaga keladi. Ularni o‘rganish va moslashtirish orqali ular bois paydo bo‘layotgan jinoyatlarning oldi olinadi. Bugun yengil hayotga o‘rgangan yoshlar oson pul topish uchun insoniylikni ham tan olishmayapti. Jumladan, «jannatni titratayotgan xabarlar»ning tobora ko‘payib borayotgani ayrim yosh onalar insonni tug‘ib, pullashdan ham qaytmasligini ko‘rsatmoqda. Xitoy yoki uning yon-atrofidagi mamlakatlarda avj olayotgan «bolalar savdosi» ham ana shunday tuban fikrlashning, noto‘g‘ri siyosatning mevasidir.
Farzand — Yaratganning ota-onaga eng yuksak in’omi. Uning taqdiri esa — Xudoning ota-onaga bergan eng katta omonati. Yuqoridagi noinsoniy tendensiya kun kelib, «odamni mahsulot yoki ichki a’zolari uchun boqish mumkin ekan» kabi manfur va o‘sha vaqtda oddiy qabul qilinish ehtimoli yuqori bo‘lgan g‘oyaning tagzamini bo‘lmasmikan? Bugun qonunchiligimiz boshida turgan mas’uliyatli shaxslar shunday jinoyatlarning ildizini o‘rganish va jamiyatni ulardan himoya qilishga majburdirlar!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter