Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng katta Qur’on kitoblaridan biri Samarqandda ekanini bilasizmi?

Dunyodagi eng katta Qur’on kitoblaridan biri Samarqandda ekanini bilasizmi?

Mazkur «Qur’on» hajmi va taxlanishi jihatidan Markaziy Osiyoda eng nodir nusxalardan biri hisoblanadi.

Kitob Samarqand qozikaloni Mir Nizomiddin Xoja ibn Mir Abdug‘affor Xojaning ma’lumotiga ko‘ra, hijriy 1271 yilda (milodiy 1854-1855-yillarda) Buxoro hukmdori Amir Nasrulloh buyrug‘i bilan samarqandlik kotib Mullo Hasan Samarqandiy tomonidan (suls xatida Samarqand qog‘oziga) ko‘chirilgan. Uning birinchi betida Bibixonim masjidiga vaqf qilinganligi yozilgan.

Keyinchalik Shohi zinda maqbarasiga o‘tkazilgan. Bu kitob hijriy 1298-yilda (milodiy 1881-1882-yillar)  va 1339-yilda (milodiy 1922-1923-yillarda) ta’mirlangan. Ta’mirlash ishlarida Mulla Abdurahmon Mirsolixov, Porsoxoja Tursunxojayev, ranggi o‘chgan joylarini qayta yozishda mulla Sayfiddin Abdusattorovlar qatnashgan. 1939-yilda Shohizinda maqbarasidan olinib, Samarqand viloyat muzeyiga topshirilgan.

«Qur’on» 104x156 sm bo‘lib, 32 varaqdan iborat. Kitob unvoni (nomi) birinchi betida bo‘lib, zarhal harflar bilan ishlangan. Har bir beti bir-biriga ulangan varaqlardan iborat bo‘lib, yog‘ochdan yasalgan to‘rtburchak bo‘lmalarga mahkamlangan. Burchaklari teri bilan qoplangan.

Sh.Rustamov,

Samarqand davlat muzey

qo‘riqxonasi ilmiy xodimi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring