Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoda matbuot erkinligi bo‘yicha vaziyat yomonlashyapti – «Chegara bilmas muxbirlar»

Dunyoda matbuot erkinligi bo‘yicha vaziyat yomonlashyapti – «Chegara bilmas muxbirlar»

«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti 2002-yildan beri tuzib kelayotgan matbuot erkinligi bo‘yicha yillik reytingini e’lon qildi. Mutaxassislarning fikricha, 2025-yilda bu borada dunyodagi umumiy vaziyat birinchi marta «qiyin» darajasiga tushib ketdi: barcha mamlakatlar bo‘yicha o‘rtacha ball mumkin bo‘lgan 100 balldan 54,7 ballni tashkil etdi.

«Reyting tarixida ilk bor dunyo mamlakatlarining yarmida jurnalistik faoliyat uchun sharoitlar yomonlashdi va har to‘rtdan birida qoniqarli darajada deb topildi», — deyiladi hisobotda.

Hisobot mualliflari bu jarayonda iqtisodiy omilning alohida rolini qayd etishadi.

«Xavfsizlik muhitining beqarorligi va avtoritarizmning kuchayishi bilan bir qatorda, iqtisodiy bosim ham asosiy sababdir», — deyiladi hisobotga ilova qilingan press-relizda. Reyting tuzuvchilari ta’kidlashicha, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab tahririyatlar tobora mustaqillik va iqtisodiy omon qolish istagi o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo davlatlarining deyarli uchdan birida (AQSh va Argentinada ham) OAVlar «surunkali iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli» yopilmoqda. Ushbu tendensiyaga ta’sir qilgan voqealar orasida AQSh hukumatining «Amerika Ovozi» va «Ozodlik» radiosi loyihalarini moliyalashtirishni to‘xtatgani, shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) mablag‘larini muzlatib qo‘ygani ta’kidlanadi. Bu esa hisobotda aytilishicha, «yuzlab ommaviy axborot vositalari uchun iqtisodiy tanglik yaratib, ularning ba’zilarini yopishga majbur qilgan».

Hisobotda qayd etilishicha, 180 mamlakatdan 42 tasida vaziyat «juda jiddiy» (eng yomon toifa) deb baholangan. Bu davlatlar qatoriga ilk bor Qozog‘iston (141-o‘rin) va Qirg‘iziston (144), shuningdek, Gonkong (140), Iordaniya (147) va Efiopiya (145) kirdi.

Qo‘shma Shtatlar 2025-yilgi reytingda 65,49 ball to‘plagan holda 55-o‘rindan 57-o‘ringa tushib ketdi (ya’ni, «muammoli» vaziyatda).

2025-yilda Rossiya 24,57 ball («juda jiddiy» vaziyat) to‘pladi va 162-o‘rindan 171-o‘ringa tushib ketdi va reytingning oxiriga yaqinlashdi (jami 180 ta pozitsiya mavjud). Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatdagi vaziyat o‘zgarmagan: deyarli barcha mustaqil ommaviy axborot vositalari bloklangan, ba’zilari «xorijiy agentlar» va «nomaqbul tashkilotlar» deb e’lon qilingan, qolganlari esa harbiy senzuraga bo‘ysunishga majbur. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada hozirda 38 nafar jurnalist va OAV xodimlari qamoqda.

Reytingning joriy versiyasida Ukraina 62-o‘rinda (2024-yilda - 61-o‘rin). Mutaxassislarning aytishicha, ommaviy axborot vositalari ishi urush tufayli jiddiy murakkablashgan Ukrainada hamon «xilma-xil va moslashuvchan» media landshafti mavjud. 2022-yildan keyin davlat unda «markaziy o‘yinchi»ga aylangan, biroq shu bilan birga, mustaqil nashrlar «ishonchli ma’lumotni taqdim etish va dezinformatsiyaga qarshi turishga qodir».

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, faqat yetti mamlakatda matbuot erkinligi «yaxshi» darajada: Norvegiya (to‘qqizinchi yil ketma-ket birinchi o‘rinni egallab turibdi), Estoniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Daniya va Irlandiya.

Yana 35 davlat «qoniqarli reyting»ga ega. Ular orasida Portugaliya, Germaniya, Litva, Latviya, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Yamayka, Avstraliya, Armaniston va Moldova kabi davlatlar bor.

Mazkur reytingda O‘zbekiston 180 ta davlat ichida o‘tgan yilgi o‘zgarmagan holda 148-o‘rinni egalladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring