Dunyo bo‘ylab izolyasiyaga olinganlar 1 milliardga yetdi

Dunyo bo‘ylab bir milliardga yaqin odam koronavirus tarqalishining oldini olish uchun izolyasiyaga olindi. Bu haqda 21 mart kungi holatga asoslanib, AFP agentligi xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, dunyoning 35 mamlakatida bir milliardga yaqin odam uyida o‘tirishga majbur bo‘lgan. Ularning 600 millioni hukumat tomonidan taqiqlangani sababli izolyasiyaga olingan.
Yevropaning Italiya, Fransiya, Belgiya, Ispaniya va Avstriya kabi davlatlarida bu borada juda qattiq cheklovlar amal qilmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp mamlakat koronavirusga qarshi «urushda g‘alaba qozonmoqda», degan so‘zlariga qaramay, ba’zi shtatlar cheklovlarni keskin kuchaytirdi. Nyu-Jersi, Kaliforniya va Illinoys shtatlarida yashovchilarning barchasi o‘z uylarida izolyasiyaga olindi.
COVID-19 keksa odamlarga va surunkali kasalliklarga chalinganlarga tahdid solishi sir bo‘lmay qoldi. Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu infeksiya yoshlar uchun ham xavfli ekanligini ta’kidladi.
«Bugun yoshlarga aytadigan gapim bor: siz xavfdan yiroqda emassiz. Ushbu virus sabab bir necha hafta shifoxonada yotib qolishingiz va hatto, nobud bo‘lishingiz mumkin», — dedi JSST rahbari Tedros Adanom Gebreysu.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter