Dubayda ayollarning tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi roli muhokama qilinmoqda
Dubayda Yevroosiyo fondi tomonidan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari uchun «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» deb nomlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.
Maqsad – O‘zbekiston NNTlarining tinchlik va xavfsizlik masalalarida gender zo‘ravonlik, odam savdosiga qarshi kurash, radikallashuvga qarshi kurash bo‘yicha salohiyatini amalga oshirish. Eng asosiy tomoni mazkur yo‘nalishlarning barchasi nogironligi bor shaxslarning huquqlarini himoya qilishni o‘z ichiga oladi.
Forumda BMT Xavfsizlik Kengashining «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyusiyasini NNTlar faoliyati orqali ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Venera Ermetova, mustaqil ekspert:
— O‘zbekiston BMTning 1325 rezolyusiyasida belgilangan holatlarni amalga oshirish bo‘yicha mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan. Mazkur rezolyusiya o‘z vaqtida fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ilgari surilgan edi. Forumda rezolyusiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun NNTlar nima qila olishi mumkin? Favqulodda holatlar, ziddiyatlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, xususan nogironligi bor insonlarga qanday yordam beriladi, ularning ehtiyojlari inobatga olinadimi? Forum qatnashchilari bo‘lgan nodavlat notijorat tashkiloti vakillari bu borada o‘zlarining kelajakdagi advokatsion faoliyatini belgilab olishdi.
Bundan 23 yil oldin, ya’ni 2000 yil 31 oktyabrda birinchi marta ayollarning mojarolarni oldini olish, hal qilish va tinchlik o‘rnatishda muhim ishtirokisiz mustahkam dunyoga erisha olmasligi tan olingan holda BMT Xavfsizlik Kengashining «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyusiyasi qabul qilingan edi. Ushbu asosiy qaror ayollarni barcha tinchlik va xavfsizlik tashabbuslarida gender masalalarini amalga oshirish bilan bir qatorda to‘liq va teng ishtirok etishga chaqiradi.
Ushbu rezolyusiya ayollarni mojarolarni hal qilish bo‘yicha tinchlik muzokaralarida ko‘proq ishtirok etishga, shuningdek xalqaro va milliy darajadagi yetakchilik lavozimlarida ayollar sonining ko‘payishiga ko‘proq jalb qilishni talab qiladi.
O‘tgan yillar mobaynida BMTning 193 davlatidan 86 ta davlatda rezolyusiyani amalga oshirish bo‘yicha «Harakatlar rejasi» ishlab chiqildi. Rezolyusiya bo‘yicha O‘zbekiston Milliy harakatlar rejasi loyihasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Tinchlik va xavfsizlikni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jarayonlarida ayollarning ishtirokini rag‘batlantirish;
«Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» mavzuida bilimlarni chuqurlashtirish va tarqatish va xabardorlikni oshirish;
Favqulodda vaziyatlarda ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilish va hisobga olish tizimini takomillashtirish;
BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyusiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyatining ishtirokini rag‘batlantirish.
— Forum menga motivatsiya berdi, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nogironlar jamiyatining raisi o‘rinbosari Jaras Ganiyev. — Avvalo dunyoda go‘zallik, qulaylik va bag‘rikenglik tamoyillari mavjud, nogironligi bor insonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan Dubay shahrini ko‘rish, forum doirasida fuqarolik jamiyati liderlari bo‘lgan «Opa singillar» Qibray tumani nogironligi bor ayollar jamiyatining raisi Natalya Plotnikova, «Rahmdillik» NNT rahbari Bibisora Oripova, Buxoro viloyatida faoliyat yurituvchi «Oydin nur» ijtimoiy yordam ko‘rsatish markazi Shahnoza Ixtiyorovalar bilan birga bo‘lish, tajriba va fikr almashish, trener va ekspertlardan bilim va kuch olish bo‘ldi. Forum menga kelajakda BMTning 1325-rezolyusiyasi doirasida Qoraqalpog‘istonda amalga oshirish mumkin bo‘lgan ishlarni belgilash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar olishga yordam berdi. Men Turkiyada, Moldovada bo‘lgan forumlarda ham qatnashganman. Ammo aynan bu forumda ilk bor nogironligi bor insonlar ehtiyojlari ham inobatga olinganidan xursand bo‘ldim. Chunki Qoraqalpog‘istonda aynan mazkur yo‘nalishda juda ko‘p ishlar qilinishi zarur.
Forumda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini strategik rejalashtirish, ayollarning ziddiyatlar transformatsiyasi va ekstremizmga qarshi kurashishda ayollarning qatnashishi, odam savdosiga qarshi kurashishda nogironligi bor insonlar muammolari implementatsiyasi, NNT tarmog‘i faoliyatining advokatsiyasi borasida qatnashchilarning bilimlari oshirilib, «Ayol, tinchlik va xavfsizlik» mavzusida NNTlarning faoliyat strategiyasi ishlab chiqildi.
Nargis Qosimova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter