Dronlar dehqonlarning og‘irini yengil qiladimi?
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda vazirlik va qo‘mita xodimlari, mutaxassislar va ilmiy-tadqiqot sohasi vakillari ishtirok etishdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning innovatsion faoliyati asosan tuproqshunoslik, maxsus skanerdan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, hamda havodan suv olish loyihalari ustida izlanishlar olib borishga qaratilgan bo‘lsa-da, uchuvchisiz uchish qurilmalaridan (dronlar) foydalangan holda yer resurslaridan foydalanish tizimi monitoringini olib borish loyihasi alohida ahamiyatga egaligi e’tirof etildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha yurtimiz qishloq xo‘jaligining rivojlanishida katta burilish yasashi kutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, AQSh, Xitoy, Yaponiya, Braziliya va ko‘plab Yevropa davlatlarida qishloq xo‘jaligida allaqachon dronlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Dronlardan foydalanishdan maqsadlar turlicha – qushlarni haydash, kichik maydonlarni kimyoviy vositalar bilan purkash, o‘g‘rilikni oldini olish, dalalarning xaritalarini tuzish, katta yer maydonlarida ekinlarning unib chiqish darajasini kuzatish, o‘simliklarga zarur ozuqaviy moddalarning yetib borishini tahlil qilish. Shuningdek, dronlar yordamida o‘simliklar chalinadigan kasalliklarni tarqalishini aniqlash, o‘g‘itlarni aniq maqsadlarga yo‘naltirib solish yoki zararkunandalarga qarshi kimyoviy moddadalarni sepish mumkin.
Dronlarni muntazam ravishda uchishga dasturlar qyo‘ish mumkinligi fermerlarning yer-suv maydonlarini nazorat qilishlariga imkon beradi. Infraqizil kameralar kasallikka duchor bo‘lgan o‘simliklarni bemalol aniqlay oladi.
Bunday apparatlar fermerlarning mablag‘larini ham iqtisod qilishi ham muhim ahamiyatga ega. Dalalarni aylanib chiqish uchun odam ishlatilmaydi, yoqilg‘i sarflanmaydi, ortiqcha vaqt ketmaydi, ko‘p muammolarni hali ular paydo bo‘lmasidan avval hal qilish imkoni paydo bo‘ladi. Bu, avvalo, har bir ko‘chatning o‘sishi, tuproq holatini aniqlash murakkab bo‘lgan katta yer egalari uchun juda qo‘l keladi. Fermer ishxonasidan chiqmay turib, ekinlarni to‘g‘ri va sifatli yig‘ib olish uchun qaysi uchastkadan ishni boshlash kerakligini aniqlab oladi.
Bundan tashqari dronlar fermerlarga ekinlarning nobud bo‘la boshlayotgani haqida ham to‘g‘ri ma’lumot berish imkoniyatiga ega. Gap shundaki, o‘simliklarning kasallikka chalinganining birinchi belgilari fotosintez jarayonida ishtirok etuvchi yashil pigment – xlorofillning tusi o‘zgarishi bilan namoyon bo‘ladi. Infraqizil suratlar yordamida esa kasallikka chalingan o‘simliklarni o‘z vaqtida aniqlab olinadi va hosilning nobud bo‘lmasligining oldi olinadi.
Dronlar ishlab chiqarish harajatlarini qisqartirgan holda qishloq xo‘jaligini rivojlanishiga xizmat qilishini jahon tajribasida sinalgan.
Uchrashuvda «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi tizimida innovatsion faollikni targ‘ib qilish, innovatsion ekosistema, tuproqshunoslik sohasiga innovatsiyalarni joriy qilish, cho‘l hududlarni o‘zlashtirish kabi masalalar ham muhokama qilindi. Sohaning innovatsion rivojlanish strategiyasini yaratish hamda ushbu strategiyaga muvofiq «Yo‘l xaritasini» hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter