Do‘stmisiz yoki...?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning turli burchaklarida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar, jumladan, ulkan qurilishlarning shiddat bilan amalga oshirilayotganligi kimlargadir yoqmayapti. O‘rni kelgan har bir joyda, tirnoq ostidan kir qidirib, bizningcha, o‘ziga xos tarzda, «qitmirlik» qilishdan ular o‘zlarini tiyib turisha olmayapti. Ana shunday «g‘amxo‘rlik»lardan biri yaqinda «poytaxt tarixiy qiyofasining vayron qilinayotganligi» ko‘rinishiga ega bo‘ldi.
Shu munosabat bilan, avvalo, o‘z-o‘zimga «poytaxt tarixiy qiyofasi» deganda opponentlarim nimalarni nazarda tutayotgan ekan? — deya aniqlashtiruvchi savol berdim. Javobini ham, muxoliflarim «ijod mahsullari»ga nazar tashlab, sira qiynalmasdan topdim. Mana ularning ayrimlari:
a) baland-past, beo‘xshov, yozda issiq, qishda sovuq bo‘ladigan, sanitariya-gigiyena qoidalariga xilof tarzda qurilgan, poytaxt shahar husniga sezilarli dog‘ bo‘lib turgan, xullas, xalqona aytadigan bo‘lsam, «sharti ketib, parti qolgan» uylar;
b) uydim-chuqur, tor, qorong‘u, qing‘ir-qiyshiq qurilgan, yo‘lovchilarga har qadamda turli noqulayliklar tug‘diradigan va mashinada yuragingizni hovuchlab yuradigan ko‘chalar;
v) eng muhim chorrahalardan biri yaqiniga o‘rnatilgan va uzundan-uzun tirbandliklarning vujudga kelishiga asosiy sabab bo‘lib turgan «samolyot maketi» va b.
Endi o‘zingiz ayting: agar muxoliflarim nazarda tutayotgan «shaharning tarixiy qiyofasi» ana shunday «xislat»larga ega bo‘lsa, ular nima qilinishi kerak? Bularni xorijlik sayyohlar kelib ko‘radi, deb ularni ochiq osmon ostidagi «muzey»ga aylantirishimiz kerakmi?! Nahotki, muxoliflarim Prezidentimizning «ochiq osmon ostidagi muzey» iborasini qanday maqsadda aytganlaridan bexabar bo‘lishsa?..
E’tibor bering: hech qachon nyu-yorkliklar turistlarni Garlem tomon yetaklashmaydi; misrliklar ham birinchi navbatda mehmonlarga e’tiborlarini avlod-ajdodlarining qanday uylarga yashaganiga emas, balki «piramida (ehrom)»larga qaratishlarini so‘rashadi; Parij, London, Venetsiya va h.k.larda ham — xuddi shunday. Xullas, bu jarayonda har bir millat o‘zining tarixiy yutuqlari yoki bunyodkorligini ko‘z-ko‘z qilishga intiladi. Shunday bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi ham. Unda biz nega o‘zgacha yo‘l tutishimiz kerak?!...
Boringki, «shaharning tarixiy qiyofasi» deb «samolyot maketi»ni saqlab qoldik, deylik. Unda Toshkentdek shahri azim kamdan-kam poytaxt-shaharlarda bo‘lgan uch qavatli (!!!) va zamonaviy barcha qulayliklarga ega bo‘lgan hashamatli ko‘prikdan «ajralib» qolardi. Hozirgi kunda barcha uni ixtiyoriy ravishda borib ko‘rayotgan va tasanno aytayotgan bo‘lsa, ularning «samolyot maketi»ni ko‘rishga majbur bo‘lib kelganlari (45 yildan buyon Toshkentda yashayman. Bir paytlar uyim shu tomonda bo‘lgan. Har kuni uning oldidan kamida ikki marta o‘tardim. Lekin «samolyot maketi»ni ixtiyoriy tomosha qilishga kelganlarni biror marta ham ko‘rmaganman) «maket» qolib, uning yon atrofidagi tirbandliklar va shular bilan bog‘liq bo‘lgan turli-tuman «mashmasha»larni tomosha qilishlari — turgan gap. Nima dedingiz? Yoki men nohaqmanmi?...
Balki, shahar markazida «ilon izi»dek yastanib yotgan va hatto tajribali «gadoy ham topmas» uylari bo‘lgan Olmazor, O‘qchi, Xizmatchi, Qoratosh... ko‘chalarini o‘zgarishsiz qoldirib, «ochiq osmon ostidagi muzey» yaratib va buning natijasida, muxoliflarim ta’kidlayotganidek, «shaharning tarixiy qiyofasi»ni saqlab qolib, sayyohlarni taklif qilish maqsadga muvofiqdir?! Bizningcha, XXI asrda bitta «hovlicha»da 4-5 oila yashayotgan, «ko‘chacha»laridan badbo‘y hidli mag‘zava suvlari oqib turgan, qishda pechkadan qora va nafasni bug‘adigan tutunlarning buralib chiqishini ko‘rishga ishqiboz bo‘lgan sayyoh topilmasa kerak?!...
Hech bo‘lmasa, Beshyog‘och yaqinida kuni-kecha barpo etilgan va ishga tushgan «Humo» arenani borib ko‘rganmisiz? Atrofini bir aylanib chiqib, unga mahliyo bo‘lganmisiz? Har qanday sayyoh ko‘rishga u arzimaydimi? Bu yerda oldin nima bor edi? Uning tevarak-atrofi qanday ko‘rinishga ega bo‘lgan ekan? degan savollarni o‘z-o‘ziga bergan va ularning haqiqiy javobiga ega bo‘lgan har bir sog‘lom shaxs «Poytaxtning tarixiy qiyofasi vayron qilinayapti» emas, balki, aksincha, «Poytaxtning tarixiy qiyofasi obod qilinayapti. Unda xalqimizning bunyodkorlik faoliyati natijalari o‘z aksini topmoqda», degan yakuniy xulosaga kelishi — mutlaqo aniq. Shuni ham anglamayotgan bo‘lsangiz, Sizga nisbatan O‘zbekistonning g‘amxo‘r do‘sti ekanligingizga katta shubham bor. Do‘stmisiz yoki...?
Tohir MALIKOV,
iqtisod fanlari doktori, professor
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter