Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Donald Tramp Kim Chen Inning holati haqida fikr bildirdi

Donald Tramp Kim Chen Inning holati haqida fikr bildirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp KXDR rahbari Kim Chen Inning holati haqida so‘zlab berdi. Eslatib o‘tamiz, bir necha kundan buyon Kim Chen In o‘lim to‘shagida yotgani haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.

Amerika prezidentining ta’kidlashicha, u KXDR rahbari o‘zini qanday his qilayotgani haqida aniq ma’lumotga ega. «Ammo bu haqda hozir gapira olmayman», — deydi u. Tramp shu bilan birgalikda Kim Chen In bilan hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilishini bildirgan.

Donald Trampning aytishicha, KXDR rahbarining sog‘ligi haqidagi aniq xabarni uzoq bo‘lmagan kelajakda hamma bilib oladi.

Eslatib o‘tamiz, 25-aprel sanasida Xitoydagi Weibo ijtimoiy tarmog‘ida Gonkongning HKSTV televideniyesi vitse-direktori tomonidan tarqatilgan xabar paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha «ancha jiddiy manbalar» tomonidan Kim Chen In vafot etgani xabar qilingan.

Yapon nashrlari tomonidan ma’lum qilinishicha, KXDR rahbari yuragida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng og‘ir ahvolda bo‘lgan. Uning yuragiga stent o‘rnatish uchun amaliyot o‘tkazilgan, ammo jarrohning qo‘li qaltiragani tufayli operatsiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Biroz vaqt muqaddam Xitoy tomonidan Kim Chen Inga yordam berish uchun shifokorlar guruhi yuborilgani ham xabar qilingan edi.

O‘z navbatida AQSh razvedkasiga asoslangan Amerika matbuoti ham Kim Chen In vafot etmagani, ammo operatsiyadan so‘ng og‘ir ahvolda ekanini xabar qildi. Ushbu xabarni Janubiy Koreyaning «Yonxap» agentligi ham tarqatdi va o‘z navbatida Janubiy Koreya prezidenti administratsiyasi vakili ham tasdiqladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring