Dmitriy Gordonning ayblovi yuzasidan TIV bayonot berdi
Ukrainalik jurnalist va bloger Dmitriy Gordonning isroillik tadbirkor Leonid Nevzlin bilan videointervyusida Eronning uchuvchisiz uchoqlari (dron) O‘zbekiston hududida yig‘ilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgandi.
Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot berib, O‘zbekiston Respublikasi Eron Islom Respublikasi bilan harbiy-texnik sohada hamkorlik qilmasligi va o‘z hududida Eron harbiy texnikasini yig‘masligini ma’lum qildi.
«Shu bilan birga, hozirgi vaqtgacha Ukraina tomonidan ham, boshqa xorijiy hamkorlardan ham «Eron dronlarini yig‘ish» masalasi bo‘yicha rasmiy murojaatlar kelib tushmagan», deyiladi TIV bayonotida.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ukraina rasmiy hukumatiga Ukraina ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston to‘g‘risida ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday asossiz ayblovlar va boshqa ishonchsiz ma’lumotlar tarqatilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni so‘rab murojaat qilinishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi ham Eronning jangovar dronlari O‘zbekistonda chiqarilishini qat’iy inkor qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter