«Diqqat! Qalbaki hujjatlar!» — Yagona portal ogohlantirish bilan chiqdi
My.gov.uz portalidagi xizmatlar soni 600 ga yaqinlashib qoldi. Ushbu xizmatlardan foydalanishda fuqarolarimizga turli natijalar, ya’ni hujjat va ma’lumotlar taqdim etiladi. Masalan, kadastr pasporti, o‘z-o‘zini band qilganlikni tasdiqlovchi bildirishnoma, har xil ruxsatnoma va boshqalar.
Afsuski, kundan kunga bu kabi hujjatlarni qalbakilashtirish, soxtalashtirish holatlari tez-tez uchrab turibdi, deyiladi yagona portal xabarida.
Mana shunday firiblarga barham berish, ya’ni asl hujjatni qalbakisidan osongina ajratib olish uchun my.gov.uz mobil ilovasida QR-kodni skanerlash funksiyasi mavjud.
Buning uchun:
- gov.uz mobil ilovasini ochib, ekran markazidagi ushbu tugmani bosasiz va mobil qurilmangiz skanerini hujjatdagi QR kodga qaratasiz.
- Agar my.gov.uz portali ochilib, sizdan 4 xonali tasdiqlash kodi so‘ralsa, demakki, bu asl hujjat!
- Biroq «QR kodi noto‘g‘ri» degan xabar paydo bo‘lsa, bilingki, hujjat soxta!
Shuningdek, my.gov.uz bilan bog‘lanmagan boshqa saytlarga yo‘naltirish holatlari ham hujjatning haqiqiy emasligidan dalolat beradi.
Barcha mas’ul davlat organlari xodimlariga fuqarolar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni shu tarzda tekshirishlari tavsiya qilingan.
Bu qanday amalga oshirilishi bilan quyidagi videoqo‘llanmada tanishing:
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter