Diplomsiz ham yashasa bo‘lar
Bu yil kvotalar sezilarli darajada oshdi (20%). Lekin asosan to‘lov-kontrakt asosida kvotalar oshirildi. Ayrim OTMlardagi yo‘nalishlarga umuman davlat granti ajratilmadi ham.
Ta’lim – ehtiyojmi yo hashamat? Asli ehtiyoj, lekin bizga bu ehtiyojni qondirish hashamatga teng bo‘lib turibdi.
Nima qilmoq kerak?
Bu savolga javob izlab o‘zim universitetda o‘tkazgan 5 yilimni esladim. 90-yillar ikkinchi yarmida ta’lim sifati hozirgichalik emasdi, har holda yaxshi domlalar dars berishgan, korrupsiya kam, olimpiadalar va sessiyalar pulsiz o‘tardi. Adabiyotlar tanqisligi ham hozirgichalik emasdi, garchi internet keng yoyilmagan bo‘lsa ham, kutubxonalar boy edi, kitoblar yoqilmagan, yangi alifbo mashmashasi ularga daxl qilmagan edi.
Lekin baribir bugun jurnalistlik, blogerlik, kopirayterlik faoliyatimda erishganlarim uchun universitetdan minnatdorman, desam katta gapirgan bo‘laman. Men uchun diplomim yoki auditoriyalarda eshitgan ma’ruzalarimdan ko‘ra ko‘proq talabalikdan keyingi mehnat faoliyatim, muhit, tajriba, saviyali suhbatlar yaxshi maktab bo‘lgan.
Aytmoqchimanki, oliy ta’lim, ayniqsa, hozirga shakl va saviyada, bu qadar ajiotajga arzimaydi. Yaxshi shifokor, farmatsevt, huquqshunos, olim... bo‘lish uchun oliy ta’lim kerak, albatta. Ammo yaxshi jurnalist, dasturchi. ixtirochi, shoir, dramaturg, kopirayter, reklama menejeri, tadbirkor va hokazo ko‘plab kasblar borki, diplomsiz ham muvaffiyatga erishish mumkin. OTMda o‘qimasangiz ham, kutubxonalarda, forumlarda, anjumanlarda, jarayonda, tajriba orqali o‘qiyvering.
Men Mahfuza Salohiddinovna Imamova, Mirzohid Muzaffar singari bir nechta tillarda erkin gapiradigan, iste’dodli, «tayyor kadr»larni bilaman. Ularga o‘zbek OTMlari yillar davomida o‘z eshiklarini ochmayapti (korrupsiyami yo qiyshiq o‘lchovlarmi, bilmadim). Bunday yoshlar «diplomsiz hech kim emassan» degan noto‘g‘ri aqidaning qurboni bo‘lib uvol ketmasligi kerak. Sizlar diplomsiz ham yetuk kadrsizlar, uka-singillarim.
P.S. Allaqachon masofadan o‘qitish tizimini joriy etish payti kelgan. Mutasaddilardan bu borada innovatsion yechimlar kutib qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter