Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Devonaning ishi yoxud cho‘ntagida bir chaqasi yo‘q ikki muxbir sarguzashti

Devonaning ishi yoxud cho‘ntagida bir chaqasi yo‘q ikki muxbir sarguzashti

O‘tgan asrning 60–70-yillarida Qarshi cho‘lini o‘zlashtirish avjiga chiqqan edi. «Karshistroy» degan gigant tashkilot ham tuzilgan. O‘sha paytlarda muayyan tahririyatlar bilan yirik tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi. «O‘zbekiston madaniyati» gazetasi «Karshistroy» bilan ana shunday hamkorlik shartnomasini imzolagan. Unga muvofiq, gazeta Qarshi cho‘lining o‘zlashtirish jarayonini muntazam yoritib borishni zimmasiga olgan edi. Shu bois tahririyat xodimlari cho‘lga tez-tez borib turishardi...

Kamina xodimingiz ham bir necha marta borgan, Qarshi cho‘lini kezgan, ko‘plab cho‘lquvarlar bilan suhbatlashib, ularning faoliyati haqida qator ocherklar yozgan edim. To‘lg‘anoy Norbo‘tayeva, Mahkamoy Hazratqulova, Hayitmurod Farmonov kabi fidoyi cho‘lquvarlar haqidagi ocherklarim katta-kichikning nazariga tushgani esimda.

Qarshi cho‘liga safarlarimda doimo fotomuxbirimiz Sodiq Mahkamov hamroh bo‘lardi. Sodiq nihoyatda didli, o‘z ishini yaxshi biladigan, kasbining ustasi, nigohi o‘tkir va sezgir fotojurnalist bo‘lish bilan birga sadoqatli do‘st, ismi jismiga, fe’l-atvoriga mos inson edi. Shu bois u bilan xizmat safariga borishni yoqtirar edim. Biz bir-birimizni yarim gapdan tushunardik. Sodiq mendan ikki yosh katta bo‘lgani uchun unga Sodiq Jo‘rayevich deb, u esa menga Mamatiy deb murojaat qilardi.

Odatdagi safarlarimizdan birida Sodiq bilan uch kun cho‘l kezdik. Hozirgi Nishon tumani hududi o‘zlashtirilayotgan edi. Yozning jaziramasiga qaramay buldozer, ekskavator, greyder kabi texnikalarda cho‘l o‘zlashtirayotgan fidoyi insonlar bilan gaplashdik, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Xullas, kerakli materiallarni to‘pladik. Sodiq fototasmasini, men yon daftarimni to‘ldirdim.

Oqshom aeroportga yo‘l oldik. U paytda Qarshi bilan aeroport orasida anchagina masofa bor edi. Aeroport go‘yo cho‘lda qurilganday, atrofida hech vaqo yo‘q (hozir shahar kengayib, aeroport shaharga qo‘shilib ketgan).

Biz quyosh botib, qorong‘i tushganda aeroportga keldik. Kuzatuvchilar bilan xayrlashib, samolyotga chiqdik. Odatdagidek yarim soatmi, ozmi-ko‘pmi o‘tirdik. Samolyot ma’lum bir balandlikka ko‘tarilmaguncha sovitish tizimi ishlamasligini hamma biladi. Shu bois barcha yo‘lovchilar terga botdi, xuddi hammomda o‘tirganday. Kimdir gazeta bilan yelpingan, kimdir ro‘molchasi bilan yuzu bo‘yinlarini artgan, ikki-uchta bola big‘illab yig‘lagan... Yozning jaziramasida, Qarshi cho‘lida, ninaning ko‘zicha ham teshigi bo‘lmagan samolyot ichida boshqacha bo‘lishi mumkinmi?!

Nihoyat, samolyot motori guvilladi. «AN-24»ning parraklari shiddat bilan aylandi, oxiri parraklar borligi ham sezilmay qoldi. Odamlar bir oz yengil tortishdi.

Afsuski, quvonchimiz uzoq cho‘zilmadi. «Puv-v» etib samolyotning motori o‘chdi, parraklar sekin-asta aylanib, oxiri to‘xtadi. Qiy-chuv boshlandi. Yo‘lovchilar styuardessaga yopishdi: «Nima gap? Nima bo‘ldi? Nega uchmaydi?» Styuardessa qiz bechora qayoqdan bilsin! Kabina eshigi ochilib, birin-ketin uchta uchuvchi chiqdi. Samolyot eshigi ham ochildi. Eshik tomon yurgan uchuvchilarning birinchisi (komandiri bo‘lsa kerak): «Samolyot bugun uchmaydi» deb o‘tib ketdi. Odamlarning baqir-chaqiri, nimaga uchmaydi, qachon uchadi, degan savollari javobsiz qoldi. Uchuvchilar tushib ketgach, kimdir keldi-da, tushinglar, ertaga soat o‘nda kelinglar, dedi. Noiloj hamma tushdi. Aeroport binosi orqali maydonga chiqdik. O‘sha yerda turgan bir kishi odamlarni ogohlantirdi.

– Anovi – oxirgi avtobus. Kim shaharga ketsa tezroq chiqsin. Boshqa avtobus bo‘lmaydi bugun, – dedi u.

Hamma qatori biz ham o‘zimizni avtobusga urdik. Avtobus liq to‘ldi. Yo‘lda ketyapmiz. Sodiq ham, men ham jim. Bilaman, uning ham, mening ham miyamda bir o‘y – bir savol hukmron: cho‘ntagimizda bir chaqa yo‘q, qayerda yotamiz, nima yeymiz? Peshinda cho‘lda u-bu tamaddi qilganimiz bo‘yicha yuribmiz. Oxiri bir-birimizga qaradik va so‘zsiz tushundik. Vaziyatni yengillashtirish uchun Sodiq gapni hazilga burdi:

– Mamatiy, mana sizga Karshigrad...

Avtobusdan tushdik-da, to‘g‘ri kelgan tomonga yurdik. Qayoqqa ketyapmiz – o‘zimiz ham bilmaymiz. Bir mahal choyxona ko‘rindi. Qarasak, odamlar choy ichib o‘tiribdi. Xuddi shu yerga kelayotganday ikkovimiz ham choyxonaga burildik. Kech bo‘lgani uchunmi odam siyrak ekan. Bo‘sh karavotga borib o‘tirdik. Choyxonachi yigit yugurib keldi.

– Kelinglar, mehmonlar, nima olib kelay?

Sodiq fotoapparatini bo‘yniga osib olgan edi, shundan hayiqdimi, juda tavoze bilan muomala qildi u. Kambag‘alning oriyati kuchli bo‘ladi. Biz ham bo‘sh kelmadik.

– Bitta achchiq ko‘k choy, – dedim.

Sodiq qo‘shimcha qildi:

– Pamil choying bormi?

Choyxonachi hayron bo‘ldi:

– Qanaqa u pamil choy, aka? – dedi.

Sodiq kuldi:

– Qora choy.

– Ha, tushundim... Yo‘q, aka, bizda qora choy bo‘maydi.

– Ha, mayli, ko‘k choy olib kelaver, faqat achchiqroq bo‘lsin, – dedi Sodiq.

Choyxonachi ketgach, Sodiqdan so‘radim:

– Shu issiqda qora choyni nima qilasiz?

– Toshkanlik ekanimizni bilsin, dedim-da. Sal hurmat bilan qaraydi, – dedi u kulib.

Choy keldi. Bir piyoladan ichdik. Ammo ikkovimizning ham boshimiz qotgan. Hozir mana shu bir choynak choyga to‘lashga ham pulimiz yo‘q. Yana kerilib achchiqroq bo‘lsin, deganmiz. Nima qilamiz?

– Choyxonachidan so‘rasak, ertalabgacha mana shu karavotda yotishga ruxsat bermasmikan? – dedim men.

Sodiq kuldi:

– Oliftagarchilik qilib, pamil choy so‘radik... Endi bu yog‘i qandoq bo‘lar ekan...

– Boshqa qanday choramiz bor?

Ikkalamiz ham jim qoldik. Och qoringa yana bir piyoladan achchiq ko‘k choy ichdik.

Kimningdir «Assalomu alaykum» degani xayolimizni bo‘ldi. Ro‘paramizda Pushkinniki kabi jingalak sochli, bakenbardi osilib turgan, qorachadan kelgan yigit turardi. «Karshistroy»ning ko‘p tirajli gazetasi fotomuxbiri Shomurod Sharopov edi u.

  – Sizlarni jo‘nab ketdi deyishdi-ku, – dedi kulib Shomurod.

Ishonasizmi, hozir oldimizda Shomurod Sharopov emas Hazrati Xizr turganday edi. Yo qudratingdan, Allohim, qayerdan paydo bo‘ldi bu bandang?!

Shomurodga bor gapni aytdik.

– Xijolat bo‘lmanglar, akalar. Hammasi joyida bo‘ladi, – dedi Shomurod. – Hozir bu yerga Mamatqul aka keladi. Birgalashib hamma muammoni hal qilamiz.

– Kim u?

– Mamatqul Rajabov asli jurnalist. – Shomurod menga yuzlandi. – Siz tanisangiz kerak? Hozir profsoyuzda ishlaydi.

– Eslaganday bo‘lyapman, – dedim.

Shu mahal Mamatqul Rajabov keldi. Haqiqatdan ham uni bir-ikki ko‘rgan edim.

  – E, adash, yaxshimisiz? – deb menga quchoq ochib keldi.

  To‘rtovimiz ancha gurunglashdik. Qornimiz to‘q, deganimizga qaramay ovqat buyurdi (aslida qornimiz hushtak chalib yotipti).

  Shomurod bilan Mamatqul bir piyola choy ustida gurunglashish uchun shu yerga kelishgan ekan.

  Ikki jurnalist va ikki fotojurnalist miriqib suhbatlashdik...

  Ertasi kuni ular bizni samolyot trapigacha kuzatib qo‘ydi.

  Keyin bilsak, samolyot havoga ko‘tarilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha aeroportdan ketmagan ekan.

  Devonaning ishini Xudo o‘ngga boshqaradi, degani shu bo‘lsa kerak-da.

Mamatqul Hazratqulov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring