Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatning poytaxt hokimiga yuborgan so‘rovi javobsiz qolmoqda

Deputatning poytaxt hokimiga yuborgan so‘rovi javobsiz qolmoqda

Foto: «Adolat» SDP Matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati U.Samatovning Shayxontohur tumanidagi «Kattahovuz», «Suzuk ota», «Eshonguzar», «Yangi Kamolon», «Kamolon» mahallalari aholisi bilan yuzma-yuz muloqoti chog‘ida qator muammolar yuzaga qalqib chiqqan edi. Shu bo‘yicha poytaxt hokimiga deputatlik so‘rovi yuborilgan. Bu haqda «Xabar.uz»ga O‘zbekiston «Adolat» SDP matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, «Suzuk ota» mahallasining So‘zona berk ko‘chasida yashovchi aholining gaz, elektr energiyasi ta’minotida muammolar yuzaga kelayotgani, «Kattabog‘» mahallasida 400 nafardan ortiq bolalarga maktabgacha ta’lim muassasasi zarurligi, O‘zgarish, Atirgul ko‘chalarining ichki yo‘llarini ta’mirlash kerakligi hamda Kattabog‘ ko‘chasida aholi foydalanishi uchun kanalizatsiya yo‘qligi kabi muammolar anchadan buyon yechimini kutib yotibdi.

Ushbu masalalar joyida o‘rganilganda «Kattabog‘» mahalla hududidagi Zomin ko‘chasida bir vaqtlar bolalar bog‘chasi bo‘lgan Respublika ko‘zi ojizlar jamiyatiga tegishli bino tashlandiq ahvolga kelib qolganligi, unda tadbirkorlar faoliyat olib borishayotgani aniqlangan. Mazkur binoni aholiga bog‘cha sifatida xizmat ko‘rsatilishi masalasini ko‘rib chiqish taklifi bildirilgan.

Shuningdek, so‘rovda «Yangi Kamolon», «Kamolon» MFYlar o‘z binosiga ega emasligi sababli «Kamolon Darvoza» mahallasi hududi 8a-uy ro‘parasida mahalla idorasini qurish, 43-sonli Oilaviy poliklinika va 491-sonli MTM oldida piyodalar o‘tish yo‘lagini ta’mirlash va jami 11 ta ko‘chaning 3500m2  qismiga asfalt qoplamasi yotqizishda hamda 567-sonli MTM binolarini ta’mirdan chiqarishda amaliy yordam berish kabi murojaatlar ko‘tarilgan.

Deputatlik so‘rovining maqsadiga ko‘ra, Shayxontohur tumanida yashovchi fuqarolarga qulayliklar yaratish hamda mahalla fuqarolari yig‘inlari xodimlariga shart-sharoitlarni ta’minlash borasida Toshkent shahar hokimligi tomonidan rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berilishi so‘ralgan. 

Garchi qonunchilikda belgilangan muddat 10 kun o‘tgan bo‘lsa-da, hokim tomonidan deputatlik so‘roviga javob berilmadi.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputat, senator so‘roviga, agar boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yozma javob berishi lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring