Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatni «RUVD»ga «jiddiy» rahbar chaqirdi (audio)

Deputatni «RUVD»ga «jiddiy» rahbar chaqirdi (audio)

Toshkent shahar Uchtepa tumani kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinovni «IIO podpolkovnigi» deb tanishtirgan odam organ binosiga chaqirayotganini haqida audio tarqaldi.

O‘zLiDeP partiyasidan Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputati, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar asoschisi va ma’muri Nuriddin Zaynitdinov bir necha deputatlik tekshiruvlar o‘tkazgani ortidan unga «siyosiy buyurtma» bilan provokatsiya uyushtirilayotganini ma’lum qildi.

Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi, Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, prezident Administratsiyasi va Bosh prokuraturaga yo‘llagan murojaatida deputat unga «ayrim mansabdorlarning dumini bosib olgani» sabab tahdid bo‘layotganini qayd etgan.

«Menga nisbatan jamoatchilik nazorati faoli va mahalliy Kengash deputati sifatida qonuniy haq-huquqlarim buzilib, har tomonlama tazyiq va siyosiy bosim bo‘lmoqda», deb yozadi u.

Ma’lum qilishicha, 21 oktyabr kuni uning shaxsiy telefon raqamiga qo‘ng‘iroq bo‘lib, unda o‘zini ichki ishlar organlari podpolkovnigi deb tanishtirgan shaxs, Uchtepa tumani IIO FMB binosiga zudlik bilan yetib kelishini talab qilib, kelmasa qayerda bo‘lsa ham topib olib ketishlarini aytib tahdid, bosim va provokatsiya uyushtirilgan.

«Bundan tashqari ichki ishlar va boshqa organlar xodimlari qarindoshlarimga tegishli bo‘lgan uylarga borgan, meni qidirayotganlarini ma’lum qilib, ularning qo‘ni-qo‘shnilariga savollar bergan. Ichki ishlar organlari xodimining fikriga ko‘ra, deputat bo‘la turib, tashrifdan oldin xalqni fikrini buzib, buzg‘unchilik va g‘alamislik qilayotgan ekanman. Tanqid ham qilmasligim, imkoni bo‘lsa gapirmasligim kerak ekan.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda tumandagi bitta organ rahbari kutilayotgan davlat tadbiri oldidan ichki ishlar organi binosiga meni chaqirtirib, daxlsizlik huquqim borligiga qaramay, qonunlarni buzib, MJtKning 194 moddasini asossiz qo‘llab, 15 sutka qamoqga jo‘natishmoqchi bo‘lishgan», — deydi u.

Holatga boshqa deputatlar ham o‘z munosabatini bildirishdi.

«Asl ahvolimiz haqida boshqa gap yo‘q: nafaqat deputatlik balki fuqaro sifatidagi Konstitutsiyada kafolatlangan daxlsizlik ham amalda rasvo.

Normal, huquqiy davlatda Parlament tizimi vakili – mahalliy Kengash deputatini asossiz va daxlsizlik huquqini yechmay 15 sutka qamoqga jo‘natish mumkinligini tassavur qilib bo‘lmaydi», deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring