Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat: «Inspektorlar orqa eshikka parda o‘rnatilishiga jarima qo‘llashni bas qilishlari kerak»

Deputat: «Inspektorlar orqa eshikka parda o‘rnatilishiga jarima qo‘llashni bas qilishlari kerak»

Foto: O‘zLiDeP

Avvalroq bir guruh deputatlar haydovchilarga avtomobillarning old oynasidan tashqari barcha oynalariga o‘zlariga qulay holda parda taqishlariga ruxsat berishi bo‘yicha hukumatga so‘rov bilan chiqqandik, deb yozadi Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev.

Natija o‘zingizga ma’lum...

Shunga qaramay, bu borada sudning pozitsiyasi biz uchun ham muhim edi.

Nihoyat yaqinda Buxoroda ma’muriy sud haydovchilar orqa eshikka parda o‘rnatganligi uchun YHX inspektori tomonidan qo‘llanilgan jarimani bekor qilib, orqa eshikka parda o‘rnatishni qonuniy, deb topganligi ma’lum bo‘ldi.

Kecha esa qo‘shimchasiga yana xuddi shunday yangilikdan xabar topdim. Bundan bir oz avval, ya’ni shu yilning 6 avgust kuni Farg‘ona viloyatining Toshloq tumani ma’muriy sudi ham haydovchining shikoyatini qanoatlantirib, orqa eshiklarga parda taqishni qonuniy, deb topgan va jarima jazosini bekor qilgan.

Ko‘rinib turibdiki, sudlarimiz bu masalada yagona qonuniy yondoshuvda ketmoqda.

Ko‘plab saylovchi, bloger va faollarning murojaatlari va yuqoridagilardan kelib chiqib aytsak, avtomobillarning orqa eshiklariga parda taqish yuz foiz qonuniydir.

Shu bois, O‘zLiDeP fraksiyasidagi va boshqa bir guruh hamkasb deputatlar bilan kuch birlikda, degan tamoyilga amal qilib odamlarni sudga ovora qilib vaqtlarini yo‘qotmasliklari uchun Ichki ishlar vazirligiga barcha YHX inspektorlarining avtomobil orqa eshiklariga parda taqqanlik uchun haydovchilarni jarimaga tortish amaliyotiga butunlay chek qo‘yish talabi bilan so‘rov kiritishga qaror qildik.

Qonunlar va xodimlar adolat uchun xizmat qilsin doimo, deb yozadi deputat.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro shahar ma’muriy sudi tomonidan avtomobillarning orqa yon oynalariga pardalar o‘rnatish mumkinligi to‘g‘risida qaror chiqarilgani xabar qilingan edi. Ammo O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tezda bu xabarlar asosga ega emas deb chiqdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring