Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodining 500 nafar ishchisi Prezidentga murojaat yozdi

Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodining 500 nafar ishchisi Prezidentga murojaat yozdi

Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi.

Foto: «O‘zbekiston ovozi» gazetasi

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida joylashgan Kaliyli o‘g‘itlar zavodining 500 nafar ishchisi Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga murojaat yozdi. Murojaat matni «Feysbuk»dagi «Xalq bilan muloqot» guruhida e’lon qilindi.

Murojaatda aytilishicha, zavod pudratchisi — Rossiyaning «PU OOO ZUMK injering» kompaniyasida rasmiy shartnoma asosida 2013-yildan 2016-yigacha ishlagan 500 nafardan ziyod ishchi ish haqini ololmagan. Ish beruvchining «Kaliyli o‘g‘itlar zavodi» qurilish maydonida uch yil mobaynida amalga oshirilgan ish uchun 3 yillik maosh qarzi bir necha milliard so‘mdan ziyod.

Aytilishicha, buyurtmachi «Kaliyli o‘g‘itlar zavodi» pudratchi «ZUMK injinering»ga barcha to‘lovlar uchun oldindan pul o‘tkazib bergan. Ammo ishchilar maoshini talab qilib, ish tashlaganda buyurtmachi, ya’ni zavod direktori Shermatov X.A. «o‘rtoqlar, ish haqi uchun sizga pul ajratilgan. Shaxsan kafolat beraman: tez orada 3 yillik ish haqqingiz to‘liq to‘lab beriladi, ishni to‘xtatmang», — deya ikki marta va’da bergan. Biroq keyinchalik direktor o‘z va’dasini ham, ishchilarni ham tan olmagan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudi da’voni ishchilar foydasiga hal etgan bo‘lsa-da, Dehqonobod tumanidagi sud ijrochilari bir necha yildan buyon bu ishni asossiz vajlar bilan hal etmay kelmoqda.

Ushbu talab bilan mahalliy organlardan to Prezident virtual qabulxonasigacha murojaat qilingan. Javob esa bitta: «Bu ish bo‘yicha sud qarori ijroga qaratilgan. Qarzdorning to‘lov qobiliyati yo‘qligi sababli undirishning iloji yo‘q». Vaholanki, qarzdor pudratchi Buxoro, Samarqand va boshqa joylarda katta-katta buyurtmalar olib ishlamoqda.

Murojaat mualliflari barcha xorijiy korxonalar O‘zbekistonda o‘z faoliyatlarini qonun doirasida tashkil etishi va ishchilarga va’da qilingan maoshlar to‘lab berilishida amaliy yordam berishni so‘ragan.


«Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring