Kaliy zavodidagi yirik mojaro: kim aybdor — rus kompaniyasimi, MIBmi yoki 3 yildan beri maosh olmayotgan oddiy ishchilar?
...Rossiya yoki boshqa davlatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz maoshini vaqtida olmagan yo umuman ololmagani, qaysidir ish beruvchi haqsiz-huquqsiz migrantlarni chuv tushirgani haqidagi gaplarni tez-tez eshitib qolamiz. Shunaqa paytlarda «ha endi begona yurt, odamlari begona bo‘lsa, nima qila olardik, dodimizni kim ham eshitardi» deya qo‘l siltab, taqdirga tan berib ketganlar ko‘p. Oylab, ba’zan yillab mehnat qilib maoshini ololmaganlar yo boshqa ish topib ketadi, yo uyiga, oilasining bag‘riga qaytgach, ko‘ngli taskin topib, unutib yuboradi. Ammo o‘z yurtida mehnati yo‘qqa chiqsa, haqini ololmasa, kishiga qattiq alam qiladi. Buni unutish, kechib ketish, qo‘l siltab yuborish juda qiyin. Rossiyaning «ZUMK injiniring» kompaniyasiga yollanib ishlagan besh yuzdan ortiq ishchi ham hozir ayni shu holatda.
Voqeaning umumiy bayoni mana bunday: 500 dan ziyod ishchi ma’lum muddat Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi shaxtasida, pudratchi — Rossiyaning «ZUMK injiniring» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida mehnat qilgan. Avvaliga hech qanday muammo bo‘lmagan — oyliklar vaqtida berilgan, ish beruvchi va ishchilar o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik bo‘lmagan. Ammo 2013-yildan ishchilarga ish haqi to‘lashda uzilishlar boshlangan va bu 2016-yilga qadar davom etgan. Tashkilotning ana shu uch yil mobaynida ishchilar oldidagi qarzi bir necha milliard so‘mdan oshadi.
Mavzuga doir:
«Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi pudratchisining 500 nafar ishchisi Prezidentga murojaat yozdi»
«ZUMK injiniring» bizga tegishli kompaniya emas»
Ishchilarning aytishicha, maosh berilishi to‘xtatilgach, ishchilar bir necha marta ish tashlagan, kompaniya rahbarlarini qistovga olgan, ammo bundan biron ish chiqmagan. Ba’zida kompaniya rahbari, ba’zida esa zavod rahbarlarining va’dalari ularni yana ishga qaytargan, ko‘nglida umid uyg‘otgan. Ammo oxir-oqibat bu va’dalar va’daligicha qolavergan.
2016 yilga kelib, shaxtada ish butunlay to‘xtaydi. Kompaniya rahbarlari Rossiyaga ketib qolganini eshitgan ishchilar endi pullarini kimdan so‘rashni ham bilmay qolishadi. Ular muammo yuzasidan O‘zbekistondagi mutasaddi vazirligu yuqori turuvchi organlardan tortib, Oliy Majlis, inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy va xalqaro tashkilotlargacha murojaat qiladi. «Yuqori»dan kelgan javoblarning ayrimlarida rus kompaniyasi to‘lov qobiliyatiga ega emasligi aytilgan bo‘lsa, ba’zilarida «bu borada amaliy sa’y-harakatlar olib borilayotgani» ta’kidlangan. Sohaga mas’ul «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati esa: «Siz mehnat qilgan «ZUMK injiniring» kompaniyasi «O‘zkimyosanoat» yoki «Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi» tarkibiga kirmaydi. Bu masalada bizga emas, rus kompaniyasiga murojaat qiling», — deya javob beradi...
Sud qarori va «ijrosi»
Mazkur masala fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanlararo sudida ko‘rilgan va ishchilarning maoshini undirish haqida qaror chiqarilgan. Ammo bu qaror shunday ijro etilganki, na kulishni, na yig‘lashni bilasan kishi.
2016-yilning 12-mart kuni Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatdan va moliyaviy ta’minlash departamenti(hozirgi MIB)ning Dehqonobod tuman bo‘limi boshlig‘i S.Badriddinov imzosi bilan tasdiqlangan dalolatnomada yozilishicha, «ZUMK injiniring» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan 12 dona konditsioner, 2 komplekt «Artel» muzlatkichi, 2 komplekt «LG» muzlatkichi, 1 dona «Haier» muzlatkichi, 4 dona «Atlant» muzlatkichi, 1 dona «Nord» gaz plitasi, 1 dona «Feretti» pechi, 1 dona «LG» televizori kabi mol-mulklar xatlab olib ketilgan. Ishchilarning aytishicha, shundan so‘ng ancha muddat ijrochilardan darak bo‘lmagan. Oradan roppa-rosa yarim yil o‘tib, 2016-yilning 7-sentyabrida Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatdan va moliyaviy ta’minlash departamenti direktori o‘rinbosari T.Orziyev imzolagan xatda aytilishicha, «Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor mol-mulki sotuvidan tushgan 531 ming so‘m (!) pul mablag‘i «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 80-moddasiga asosan taqsimlangan». Buni qarangki, 12 konditsioner, 9 muzlatkich, 1 dona gaz plitasi, 1 dona pech va 1 dona televizor atigi 531 ming so‘m(!)ga sotilibdi! Eng qizig‘i, «taqsimlangan» bu pullar qayerga ketgani, kimlar o‘rtasida taqsimlanganidan puldan umidvor ishchilarning xabari yo‘q...
Kim aybdor?
Savol tug‘iladi: nima uchun ishchilar uch yil davomida maosh bermagan tashkilotda ishlashda davom etgan? Besh-olti oy, boringki, bir yil ishlasin, ammo qanday qilib oylik bermayotgan joyda uch yil ishlash mumkin?
Gap shundaki, ishchilarga hamisha va’da quyuq qilingan, hech kim ularni aldab ketmasligi, pullar albatta berilishiga ishontirilgan. Orada maoshdan butunlay umid uzib, ishni tashlab ketganlar ham ko‘p, ammo oxirigacha ishlagan odamlar «xudo insof berib, bir kuni oyligimizni berib qolishar, bu yerdan bo‘shasam, baribir bekor yuraman-ku» degan fikr bilan mehnat qilishda davom etganlar.
Ushbu masalada «ZUMK injiniring» vakillari ila bog‘langanimizda ular zavod bilan o‘rtalarida allaqanday kelishmovchilik borligi (aynan qanday muammo ekanini aytishni istashmadi), ana shu muammo hal bo‘lgach, maoshlar to‘liq berilishini aytishdi. Ammo Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi bu iddaoni butunlay rad etmoqda.
— O‘zbekiston Prezidentining 2011-yil 17-noyabrdagi PQ-1642-qaroriga asosan, korxonaning tog‘-kon muajmuasi qurilishi bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish «ZUMK injiniring»ga berilgan, — deydi zavod direktori Hamidullo Shermatov. — Qaror ijrosi doirasida 2011-yilning 26-iyunida Rossiya kompaniyasi bilan umumiy qiymati 122,3 million dollarlik shartnoma imzolangan. Bugungi kunga qadar ushbu shartnomaning deyarli 80 foizi bajarilgan. Bajarilgan ish uchun esa 96 million dollardan ko‘proq pul ularning hisobiga o‘tkazib berilgan. Bugungi kunda zavodning pudratchi oldida hech qanday qarzi yo‘q. Aksincha, ular shartnoma bo‘yicha loyihani yakuniga yetkazib qo‘yishlari zarur.
Muammoning yechimi bormi?
Bu muammo aslida hal qilib bo‘lmas darajada chigal emas. Negaki, «ZUMK injiniring» hali O‘zbekistonda va ayni paytda Samarqandda yirik loyiha bo‘yicha ishlamoqda. Sud qarori ijrosini qat’iy nazoratga olib, ularning mol-mulki yoki hisob raqami orqali ishchilarning maoshi olib berilishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, rus kompaniyasi bugungi kunda loyihani oxiriga yetkazib qo‘yish maqsadida zavodga qaytgan va loyiha ichida bo‘lgan, qurilishi ma’lum muddat to‘xtab qolgan, dunyoda yagona bo‘lishi taxmin qilinayotgan osma kanatli yo‘l qurilishi qayta boshlangan. Bajariladigan ish uchun kompaniyaning hisobiga o‘tkaziladigan pul — 24 million dollardan ishchilarning maoshi to‘lanishidan umid qilish mumkin.
Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi rahbari Hamidullo Shermatov muammoning yana bir yechimini taklif etdi.
— Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi — yiliga 2,1 million tonna silvinit rudasini qayta ishlash va 600 ming tonna kaliy o‘g‘iti ishlab chiqarish quvvatiga ega respublikadagi yagona korxona. Zavod o‘tgan yilning o‘zida xorijga 245 ming tonna kaliy o‘g‘itini 30 million dollarga eksport qildi va bugungi kunda sof daromad olishga o‘tdi.
Zavod rahbarlari va ishchilar o‘rtasida nizo tug‘ilgan paytda men oraga tushib, ishchilarni tinchlantirish uchun ham «maoshni mendan olasizlar» deya va’da berganim rost. Men rahbar sifatida bu muammoni joyida hal etmasam, ish juda chigallashib ketishi turgan gap edi. Ammo o‘sha va’damda hamon sobitman: zavod pudratchining ishchilar oldidagi qarzini to‘lab berishga tayyor. Ammo buning uchun yuridik tomondan vakolatga ega emasmiz — shartnoma bo‘yicha maoshni biz emas, rus kompaniyasi to‘lashi lozim. Mabodo bizga shunday huquq va vakolat berilgudek bo‘lsa, ishchilar maoshini to‘lashga bemalol qurbimiz yetadi, — dedi Hamidullo Shermatov.
Xulosa o‘rnida
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad oddiy xalqning manfaatlarini himoya qilish, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, muammolarini hal etish bo‘lgan bir pallada bu kabi masalalar hamon o‘z yechimini topmayotgani kishini ranjitadi. Tashkilotlar o‘rtasidagi kelishmovchilikdan (agar u haqiqatan ham bor bo‘lsa!) oddiy odamlar jabr ko‘rmasligi kerak. Ayniqsa, ro‘zg‘or tebrataman deb bir necha kilometr chuqurlikda og‘ir mehnat qilgan yurtdoshlarimizning haqi berilmay qolishi mumkin emas. Bugungi o‘zgarishlar ularning ko‘nglida katta umidlar uyg‘otgan. Agar bu kabi dolzarb muammolar yechim topmasa, har qanday harakat ham ularni davlat rahbari aytgan porloq kelajakka ishontira olmaydi. Adolat qaror topib, halol mehnatining rohatini ko‘rsagina, ularda davlatga, ertangi kunga ishonch paydo bo‘ladi.
Ahmad Yusupov,
«Xabar.uz» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter