Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tkazilgan debatning siyosiy ahamiyati nimada? Mutaxassis tahlili

O‘tkazilgan debatning siyosiy ahamiyati nimada? Mutaxassis tahlili

Mamlakatimizda so‘ngi yillarda kechayotgan ulkan islohotlar zamirida avvalo, inson qadri barcha narsadan ustun ekanligi asosiy xususiyat kasb etib bormoqda.

Bu jihat 19 oktyabr kuni OAVlarida keng yoritilgan Prezidentlikka nomzodlarning vakillari ishtirokidagi teledebatlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanib turdi. Chunki, mamlakatimiz tarixida Prezidentlik saylovlarida mutlaqo erkin, ochiq, teng huquqlilik asosida bunday teledebatlar oldin tashkil etilmagan edi. Bu teledebatlar Yangi O‘zbekistonda shaffoflik va demokratiya tamoyillarining asosiy o‘ringa chiqayotganligidan dalolatdir. Shuningdek, ushbu partiyalararo teledebat O‘zbekistonning butun dunyoga ochiqligini yana bir bor namoyish qildi.

Ushbu teledebat, bir tomondan, har bir partiyaning jamiyatdagi o‘rni va uning elektorati oldidagi mas’uliyatini, ikkinchi tomondan, ularning dasturlaridagi o‘xshashlik va farqli jihatlarni aniq ko‘rsatdi. Ayniqsa, davlatning mamlakat iqtisodiyotiga aralashuvi darajasi haqidagi savol partiyalar vakillarining keskin muhokamasi va fikrlar xilma-xilligiga sabab bo‘ldi. XDP hamda «Adolat» SDP vakillari davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kuchaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Ekologik partiyasi vakillari esa ushbu fikrga qarshi o‘laroq, iqtisodiyotda davlat nazorati va ulushi qancha ko‘p bo‘lsa, iqtisodiy farovonlikka erishish shuncha qiyin bo‘lishini uqtirishga harakat qilishdi. O‘zLiDeP vakili ham davlatni iqtisodiyotga aralashuvini kuchayishi bevosita yana buyurokratik iqtisodiyotni shakllanishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. Chunki, dunyo amaliyotidan ko‘rish mumkinki, iqtisodiyotga davlat aralashuvi bozor qonunlarini yaxshi ishlamasligiga olib keladi.

Shuningdek, har bir partiya vakillariga mamlakatimizda kambag‘allikning oldini olish, qashshoqlikni qisqartirish borasida kelajakda qanday choralar belgilanganligi haqidagi savol ham teledebatning qizg‘in borishiga sabab bo‘ldi. Chunki bu mavzu bugungi kunda o‘ta og‘riqli masalaga aylanib ulgurdi. Ushbu savolga javob sifatida Ekologik partiya vakili «yashil ish o‘rinlari» va toza ichimlik suvi yaratilishini ta’kidlab o‘tgan bo‘lsa, O‘zLiDeP vakili esa  kambag‘allikning oldini olish, qashshoqlikni kamaytirish bo‘yicha so‘nggi bir necha yil mobaynida mahallalarning temir daftarlariga kiritilgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam faol ravishda amalga oshirilayotgani, davlat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash uchun (kasblar bo‘yicha o‘qitish, imtiyozli kreditlar) 8 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratganligini, bu ishlar tizimli amalga oshirilishini aytib o‘tdi. Afsuski ushbu savolga qolgan partiya vakillari haqiqatdan yiroq, aniq rejalarga asoslanmagan fikrlar bilan javob berishdi.

O‘zbekistonning so‘nggi yillarda o‘sib borayotgan tashqi qarzi masalasi ham teledebatlarda ko‘tarildi. Lekin ko‘pchilik partiya vakillari ushbu masalaga olingan qarz mablag‘larining sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi kabi umumiy fikrlardan nariga o‘tisha olmadi. Faqat O‘zLiDeP partiyasi vakili tashqi qarz barcha rivojlangan davlatlar uchun normal holat ekanligini tushuntirib bera oldi. Masalan, Fransiya, Ispaniya, Italiya davlatlarida tashqi qarz miqdori YaIMdan 100% ko‘proqdir. O‘zbekistonning tashqi qarzi miqdori 38%ni tashkil qiladi. Mamlakatimiz olgan mablag‘lar har doim aholi manfaati uchun sarflanadi.

Teledebat davomida O‘zLiDeP vakili o‘zining aniq faktlari, so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan ishlarning natijasi bo‘yicha chiqishlari bilan yaqqol ajralib turdi. Xususan, partiya vakili tomonidan kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlik masalalari, narx-navoni barqarorlashtirish, energetika, kommunal xo‘jaligi, ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni yechimiga oid g‘oyalarni ilgari surdi. Shu bilan birga hududlardagi mavjud iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanish, davlat mulki ob’yektlari, xususiy sektor hamda tadbirkorlik sub’yektlari samaradorligini oshirish nuqtai nazaridan pragmatik to‘g‘ri tanlangan iqtisodiy siyosat vazifalarini ochib berganligi bilan o‘z faolligini yana bir bor namoyish etdi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zLiDeP vakillarining muhokamadagi masalalarga fakt va raqamlarga asoslanib javob berganligi, partiyaning yaqin besh yil ichida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalari aniq hisob-kitoblarga tayanilganligi, muhokamada asosli va haqqoniy dalillarni ko‘proq keltirib o‘tganligi ularning ushbu teledebatda boshqa partiyalardan ustunligini ta’minlab berdi. Bu esa o‘z navbatida O‘zLiDeP tomonidan O‘zbekistonni keyingi besh yillikda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ishlab chiqilgan strategiya mukammal ekanligini yana bir bor isbotladi.

Baxtiyor Mahkamov, TATU rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring