Daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolatlari
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazish faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishi Konstitutsiyada qat’iy belgilanishi lozim, degan taklifiga yuridik fanlar doktori, professor Sherzod Zulfiqorov o‘z munosabatini bildirdi.
– Inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda, dunyoning boshqa davlatlari konstitutsiyalarida daxlsizlik masalalari qay darajada mustahkamlangan?
– O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlariga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan va ular ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shundan kelib chiqib, turar joy daxlsizligini ta’minlash ham shular jumlasidandir. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas, har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga ega, degan qoida belgilangan.
Qiziqarli holat, AQSh Konstitutsiyasiga 1791-yilda kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, hech bir askar tinch zamonda ham, harbiy holatda ham shaxsiy uylarga egasining roziligisiz kirishi mumkin emas, harbiy holatda, istisno tariqasida, bunga ruxsat berilishi mumkin, lekin tartibga soluvchi qonun asosida, degan norma nazarda tutilgan.
Konstitutsiyamizning 27-moddasiga qarasak, hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, shaxs va uning uy joy daxlsizligini ta’minlash — davlat oldida turgan eng muhim funksional vazifalardan biri hisoblanadi.
– Mamlakatimizda turar joy daxlsizligi qanday qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi?
– Yurtimizda aholini arzon uy joylar bilan ta’minlash ham ijtimoiy davlatning muhim begilaridan biri hisoblanadi. Turar joy deganimizda, insonlarning vatan ichidagi vatani desak, hech ham xato qilmagan bo‘lamiz.
Umuman olganda, turar joy daxlsizligi bu – fuqarolarning konstitutsiyaviy shaxsiy huquq va erkinliklaridan biri bo‘lib, fuqarolarning turar joyga bo‘lgan daxlsizligini huquqiy jihatdan kafolatlaydigan muhim talabdir.
O‘zbekiston qonunchiligiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 45-moddasida turar joyga unda istiqomat qiluvchilarning xohish-irodasiga xilof ravishda noqonuniy tarzda kirish, mansabdor bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi, deb belgilab qo‘yilgan.
Jinoyat kodeksining 142-moddasida turar joyga unda yashovchilarning erkiga xilof ravishda zo‘rlik ishlatib bostirib kirish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘rsatilgan. Turar joy daxlsizligida xususiy mulk bo‘lgan uylar, kvartiralar olib qo‘yilishi, mulkdor esa uyga, kvartiraga mulk huquqidan mahrum etilishi mumkin emasligi ham tushuniladi.
Ammo bir qator hollarda turar joy daxlsizligiga bo‘lgan huquq istisno etiladi. Jumladan, garov munosabatlarida undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratilganda, natsionalizatsiya, rekvizitsiya, musodara qilinganda turar joy daxlsizligi chetlab o‘tiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi va tergovchi biror turar joy, xizmat, ishlab chiqarish binosida yoki o‘zga joyda biron narsa yoki hujjatlar borligi haqida aniq asoslangan ma’lumoti bo‘lsa, tintuv o‘tkazishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Mazkur huquqiy normalar ham shaxslarning turar joy daxlsizligini qonun doirasida himoya qilishni nazarda tutadi. Qolaversa, Konstitutsiyaning 20-moddasida ham fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari mustahkamlab qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Konstitutsiyada uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishining belgilab qo‘yilishi, ko‘plab mol-mulk daxlsizligi bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga xizmat qiladi hamda mazkur muammoning yechimini Konstitutsiya darajasida mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter