Davletov ham tan oldi: JPKning 297-moddasi aybsizlik prezumsiyasiga zid!
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 297-moddasida «surishtiruvchi, tergovchi, prokuror jinoyat ishini tergov qilish chog‘ida jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlab chiqib, tegishli davlat organiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga, jamoat birlashmasiga, jamoaga yoki mansabdor shaxsga ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishi» belgilab qo‘yilgan (taqdimnomaning nusxasi ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi).
Muayyan jinoyat ishi tergovining yakuni — hali ayblanuvchi qip-qizil jinoyatchi degani emas. Oldinda sud turibdi. Konstitutsiyaga ko‘ra: «jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi» (26-modda).
Xo‘sh, muammo nimada?
Gap shundaki, prokuror (surishtiruvchi, tergovchi) kiritgan taqdimnoma tegishli tashkilot yoki birlashma tomonidan darhol ko‘rib chiqilishi kerak. Taqdimnoma muhokamasi jarayonida esa «ishi» e-endi sudga oshgan sho‘rlik «jinoyatchidan olib, jinoyatchiga solinishi»ning ehtimoli juda katta. Vaholanki, uning aybi sud tomonidan aniqlanmaguncha jinoyatchi deb bo‘lmaydi.
Jinoyat qonunchiligidagi ayni me’yorlar aybsizlik prezumpsiyasiga, demakki, shaxsning konstitutsion huquqiga daxl qilmayaptimi?
Bugun Adliya vazirligida o‘tgan ochiq muloqotda yangragan ayni savolga javoban vazir R.Davletov «aravani quruq olib qochmadi». Ikki og‘iz gap bilan savol o‘rinli ekanini aytdi-qo‘ydi.
Bundan anglashiladiki, JPKning 297-moddasiga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritishning vaqti yetgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter